— Qizlar menda. Agar aytgan manzilimga etib kelmasang, ularni o`ldiraman, — dedi jahl bilan turmush o`rtog`iga qo`ng`iroq qilgan Xolboy.
— Iltimos, unday qilmang. Men, albatta, aytgan joyingizga boraman. Faqat qizlarni qo`rqitmang, — deya yolvordi ayoli Nodira.
— Bo`pti! Bo`kaga kelasan. Agar milisiyaga xabar bersang, o`zingdan ko`r!!
* * * * *
Xolboy (ism-shariflar o`zgartirilgan) Bo`ka tumanining Qoraquduq qishlog`ida istiqomat qiladi. U dastlab Naziraga uylandi. To`rt nafar farzandli bo`lishdi. So`ngra Xolboy Nodira ismli ayolni shar`iy nikohiga oldi. Kundoshlar bitta hovlida yashay boshlashdi. Nodira boshqa turmushidan bo`lgan qizi Munira va o`g`li Mavlonni Toshkent shahrida yashaydigan onasining uyida qoldirdi.
Nodira Xolboy bilan besh yil yashab bitta qizlik bo`lishdi. Ismini Feruza qo`yishdi.
Kunlarning birida Xolboy Samarqandga yumush bilan ketdi. Ikki kundosh hovlida yolg`iz qolishdi. Anchadan buyon Nodiraga tish qayrab yurgan kundoshi Nazira qulay fursat kelganini unga tushuntirib qo`ymoqchi bo`ldi. Nodira ham bo`sh kelmadi. Ikkalasi rosa janjallashishdi. Nodira kundoshidan arazlab bolasini oldi-da, Toshkentga ketvordi. Kelinoyisining Suvsoz mavzesida yashaydigan qarindoshi Qunduz opaning uyida yashay boshladi.
Oradan ikki kun o`tgach, Xolboy Samarqanddan qishlog`iga qaytdi. Uyda Nodira va qizini yo`qligini ko`rib ajablandi.
— Erkatoy xotiningiz yo`q joydan janjal ko`tarib, o`zi arazlab ketib qoldi, — dedi birinchi xotini Nazira. — Ko`proq uni erkalating, qosh-qovog`iga qarang!
Xolboy xotinining gapidan jahli chiqib, Nodiraning onasinikiga bordi va undan qizini topib berishini talab qildi. Onaizor qizi uyga kelmaganini, hozir qaerdaligini bilmasligini aytdi.
Shundan so`ng u Mirzo Ulug`bek tumanidagi 142-maktabga bordi. U erda Nodiraning birinchi turmushidan bo`lgan farzandi, ya`ni uning o`gay qizi Munirani yoniga borib, sinf rahbari R.Xudoyorovadan maktab oshxonasidan biror egulik olib berish uchun ruxsat so`radi. Ustoz ularga faqatgina besh daqiqaga ruxsat berdi. Xolboy Nodiraning jiyani - ikkinchi sinfda o`qiydigan Manzurani ham olvoldi.
— Manzuraxonga Nodira ammasidan sovg`a olib kelganman. Shuni berib qo`ymoqchiman, — deya u qizaloqni aldadi.
Ular maktab binosidan chiqib ketayotganida qorovul Artur ularni ko`rib qolib, Xolboydan kimligini, bolalarni dars paytida qayoqqa olib ketayotganligini so`radi.
— Muniraning otasi bo`laman. Bunisi esa jiyanim, —dedi Xolboy qorovulga.
Qorovul Xolboydan shubhalangani uchun birinchi sinf ustozi R.Xudoyorovaning oldiga borib bo`lgan voqeani aytib berdi. Bu paytda Xolboy allaqachon qizlarni ko`chada kutib turgan “Matiz” rusumli avtomashinaga o`tqizib, qaergadir olib ketdi.
Muniraning ustozi ularning uyiga borib buvisiga bo`lgan voqeani gapirib berdi. So`ng IIBga murojaat qilishdi. Xolboy dastlab qizlarni jiyani Nurillonikiga tashlab o`zi ketdi. Keyin ularni tanishi Alibeklarnikiga olib borib qo`ydi.
Bu orada u Nodiraga qo`ng`iroq qilib dedi:
— Sening va akangning qizini o`g`irlab ketdim. Agar Bo`kaga etib kelmasang, qizlarni o`ldiraman. Qizingni ham, jiyaningni ham boshqa ko`rmaysan!
— Unday qilmang, jon dadasi. Aytgan joyingizga boraman, — dedi qo`rqib ketgan Nodira yig`lamsirab. Chunki u turmush o`rtog`ining qo`lidan har qanday qabig`lik kelishini yaxshi bilardi.
- Yana boshimga milisani etaklab kelib o`tirma. Agar birovlarga xabar beradigan bo`lsang, qizlarni tirik ko`rmaysan! — deya Xolboy telefonini o`chirdi.
Shu payt Nodiraning akasi singlisiga qo`ng`iroq qilib, Xolboyning gaplarini aytdi. Ayol shosha-pisha onasinikiga yo`l oldi. Keyin akasi, kelinoyisi va IIB xodimlari bilan birgalikda Bo`kadagi "Tabassum" kafesiga borishdi. Afsuski u erda turmush o`rtog`i ham, qizlar ham yo`q edi. So`ngra ular Xolboyning uyiga borishib, jiyani Nurilloga duch kelishdi. Nurillo ularni Alibeklarnikiga boshlab bordi. Shunday qilib qizlar sog`-omon topildi.
Sud Xolboy Abdubolievni Jinoyat kodeksining 126-moddasi, 137-moddasi 2-qismi "a" bandi va 112-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.
Bahodir TOJIDINOV, Mirzo Ulug`bek tuman prokuraturasi tergovchisi
Xonbibi HIMMAT qizi, jurnalist





