AsosiyShou-biznes

Farhod va Shirinning muxlisi nega kaltaklandi?

Navbatdagi “Chuv tushdi” loyihasida  xonadalar Farhod va Shiringa tuzoq qo`ydik.  Ularni “Tegirmon” kafesiga intervyu olish bahonasida taklif qilib, muzqaymoqni paqqos tushirib suhbatga kirishdik.

Mohichehra: —  Ilk marotaba yakkaxon konsert dasturini taqdim etyapsizlar, balki  jonli ijroda kuylab hammani lol qoldirsangiz bo`larmidi...

Shirin: —  Birinchidan, Istiqlol san`at saroyida ilk marotaba konsert dasturimizni taqdim etayotganimizning o`zi katta gap.   Qolaversa, jonli ijroda konsert berish biz uchun qiyin ish emas. Bu borada etarli tajribamiz bor. O`zimizga ishonamiz...

Farhod: — To`g`ri, biz uchun jonli ijroda qo`shiq aytish muammo emas. Masalan, biz to`y xizmatlarida ham deyarli jonli ijroda kuylaymiz.  

Mohichehra: — Unda muammo nimada? 

Shirin: — Kosertda jonli ijroda kuylash bilan to`yda jonli kuylashning farqi bor. Masalan, to`ydagi tinglovchilar asosan sho`x qo`shiqlarni tinglab, ko`proq raqsga, o`yin-kulguga beriladi. Konsertda esa qo`shiq tinglash barobarida, qanday kuylayapsiz, o`zingizni qanday tutyapsiz,  hammasiga e`tibor berishadi.  

Farhod: — Ikkinchi tomoni o`zimizning sozandalar guruhi, cholg`u asboblari, texnikamiz bilan ijod qilib o`rganganmiz. Keng amrovli  ijod qilish esa biz uchun bir oz qiyinchilik tug`diradi. Lekin men bu bilan Istiqlol  san`at saroyining texnikasi jonli ijro uchun foydalanishga yaroqsiz, demoqchi emasman. Shunchaki, biz o`zimiz hali bunga tayyor emasmiz. Birinchi marotaba konsert berayotganimiz uchun xatoga yo`l qo`yishga haqqimiz yo`q...

Shu mahal narigi stolda o`tirib, xonandalarga qarab-qarab qo`yayotgan bir “muxlis” botinmaygina yonimizga keldi. Salom-alik qilgach:

Kechirasizlar... Shirin sizni rosa hurmat qilaman. Maylimi, siz bilan bir rasmga tushib olsam?

Shirin  hammaga bir-bir qarab oldi. Xonandalarning ma`muri Iskandarning enasasi qotdi.

Iskandar: — Akajon, ko`ryapsiz, biz suhbatlashyapmiz. Suhbat tugasin, keyin bemalol rasmga tushaverasiz, maylimi?

Muxlis osonlikcha taslim bo`lmaydiganlardan ekan, gapida turib oldi. Iskandar  muxlisni mast deb o`yladi shekilli:

Aka, yuring sizda gapim bor, — deya qo`lidan tutib, nariga olib ketdi. Allanimlarani muhokama qilib olishganidan so`ng, Iskandar uni joyigi o`tirg`izib, qaytib keldi:

  • Qani, suhbatni davom ettiramizmi?...

Ko`p o`tmay muxlis yana qaytib keldi:  — Shirin, yo`q demang, suratga tushib olaylik. Hozir shoshib turibman, ketishim kerak, keyin sizni yana qachon ko`raman?

Iskandar: — E, aka gapga tushunasizmi yo`qmi? Suhbat tugasin, keyin men o`zim sizni suratga olib qo`yaman. 

Shirin: (muxlisdan tezroq qutulish uchun o`rnidan turdi) — Mayli, suratga tusha qolaylik, keyin davom ettiramiz.

Muxlis (fotomuxbirga qarab):  Aka, bizni rasmga olib qo`ying.

Fotomuxbir: — Men suratkash emasman. Suratni sizga chiqarib berolmayman.

Shunda muxlis cho`ntagidan qo`l telefonini olib, o`zi bilan Shirinni suratga olmoqchi bo`ldi va xonandaga yaqin turib oldi. Muxlisning bu qilig`idan Iskandarning  jahli chiqib muxlisning qo`lidan telefonini tortib olib o`zi suratga ola boshladi.

Muxlis Shirin bilan bir necha marta suratga tushgach: — Unchalik o`xshamapti-da, yana bir marta yaqinroqdan rasmga tushsak maylimi?..

Shirin (qo`llarini sikitib): — Yo`q-yo`q, bunaqasi ketmaydi. Bo`ldi etadi. Uzr...

Iskandar (toqati toq bo`lib, muxlisni torqilab, itarib, nariga olib ketdi): — Yaxshi gapga ko`nmas ekansiz, qani buyoqqa yuringchi, siz bilan yaxshilab rasmga tushamiz hozir.

  Muxlis Iskandarning qo`lini siltab yubordi. Iskandar jahlini bosa olmay  muxlisning yuziga engilgina  musht tushirdi. Farhod bo`layotgan voqealarni jimgina kuzatardi. U Shirinni na muxlisdan himoya qildi va na kelib janjalni bosdi. Qo`riqchilariga qo`ng`iroq qildi shekilli, bir zumda qo`riqchilarni boshlab prodyuser Bobur Bobomurod etib keldi. Ular “meni eshitinglar” deyotgan muxlisning gapiga quloq solmay uni ko`chaga olib chiqishga urinishardi.

Bobur Bobomurod (muxlisga qarab) — Menga qara, sen kimsan o`zi, qaerdansan? (qo`riqchilariga qarab) — Hujjatlarini olib qo`yinglar!

Ikki qo`riqchi muxlisni tortqilab, siltagani sabab uning tobi qochib qoldi. 

Mohichehra: — Voy, muxlisga yordam beringlar, qarang, mazzasi qochdi-yov... (Mohichehra suhbatni ham “unutib”, unga yordamga shoshildi). — Suv olib kelinglar.

Farhod va Shirinning qo`riqchilari birortasi ham yordamga shoshilmadi. Aksincha, ular muxlisga eb qo`ygudek qarab turishardi. Muxlis esa yuragini changallagancha “suv beringlar”, derdi.

Mohichehra: (hech biri yordam beravermagach) — Farhod, bu yoqqa keling, yordamlashib yuboring. Bu kishini mashinaga o`tkazib, kasalxonga olib borish kerak, ahvoli og`irlashyapti.

Qo`riqchilar shu gapdan so`ng ham o`rnidan qo`zg`almadi.

Shirin: —  Farhod bormaydi... Farhod bormaysan, joyinga o`tir...  

Farhod indamay joyiga o`tirdi. Mohichehraning iltimosiga ko`ra kafe ishchilaridan biri suv olib keldi. Muxlisning sherigi do`stiga suv ichirdi, Mohichehra esa “Tez yordam” xizmatiga qo`ng`iroq qila boshladi. Suhbat chala bo`lib qolganiga jahli chiqqan qo`riqchilardan biri yana muxlisga yopishdi va  uni sudrab, ko`chaga olib chiqa boshladi:

— Bu mast,  bunga yordam kerak emas! Qani, buyoqqa yur.

Muxlis sherigi: Qo`yvoring uni, nima qilyapsiz? Axir yuragining mazasi yo`q...

Qo`riqchi: Yuragining mazzasi bo`lmasa ichmasin edi!

Muxlis sherigi: Nima ichipti? Ko`rmayapsizmi choy ichib o`tiribmizku! Bitta rsam tushaman deganga shunchami...

Mohichehra (qo`riqchiga qarab): Shoshmang, siz kimsiz? Qaerdan kelib qoldingiz? Qo`yib yuboring uni.

Qo`riqchilar gapga quloq solmay, muxlisni sudrab kafe darvozasiga olib chiqishdi. Muxlisning ahvoli yanada og`irlashdi. Mohichehra “Tez yordam” bilan bog`langach, muxlisning yoshini, otini so`rab, “Tez yordam” navbatchisiga manzilni tushuntira boshladi.

Iskandar: Mohichehra,  siz suhbatni davom ettiravering. Buyog`ini o`zimiz hal qilamiz...

Mohichehra: Bo`ldi, bu janjal allaqachon muharririmizning qulog`iga etib boribdi. Suhbatni tahririyatning o`zida davom ettirarkanmiz. Ketdik bu erdan...

Shirin: To`xtang, muzqaymoq juda shirin ekan, eb olaylik. Siz ham o`tiring...

Mohichehra: U yoqda muxlisingizning yuragi xuruj qilib turipti. Uni “Tez yordam”ga topshirish kerak, hali suhbatni ham davom ettirishimiz lozim. Shu paytda muzqaymoq o`tadimi?

 Shirin muzqaymoqni eb olganidan so`ng Farhod bilan birga ko`chaga chiqishdi:

Shirin: (mashinasiga o`tirar ekan muxlisga achinib qarab)Iskandar aka, bekor unga qo`l ko`tardingiz. U menga hech narsa qilgani yo`q-ku?  Shunchaki suratga tushmoqchi edi xolos.

Shu mahal muxlis cho`ntagini kovlab bir qog`ozni oldi-da Shirin o`tirgan mashinaga yaqinlashib eshigini ochdi. Shunda qo`riqchilardan biri yana yugurib kelib, muxlisni turtib  mashina eshigi yonida turib oldi.  

Muxlis buklangan qog`ozni ochib ko`rsatishga har qancha urinmasin, qo`riqchi uning yo`lini to`sib, harakat qilishga yo`l bermasdi.

Shirin: — Shoshmang, balki dastxat so`rayotgandir. Qo`yib yuboring-chi.

Qo`riqchi muxlisni qo`yib yubordi. Shunda mashina yonida turgan Farhod eshikni siltadi. Eshik qirrasi muxlisning boshiga tegdi. Boshini ushlagan muxlis Farhodga jahl bilan o`qrayib, so`ng qo`lidagi qog`ozni ochib Shiringa ko`rsatdi. Shirin qog`ozdagi “Chuv tushdi” yozuvini o`qib, qichqirib  yubordi:

  • Voy! Aldashibdi!..

 Qo`riqchi yana muxlisning elkasidan tortdi. Ammo Shirinning qo`lidagi qog`ozni o`qigach, hayron bo`lib qotib qoldi, boyagi vajohatidan asar ham qolmadi. Atrofda hayron bo`lib turganlar ham birin-ketin qog`ozni o`qib,  avvaliga ishonib-ishonmay kula boshlashdi.

Shirin (kulgudan to`xtab muxlisning peshonasini ushlab ko`rdi): — Buyoqqa keling-chi, eshik boshingizga yomon urildi. Hech narsa qilmadimi?  

Qo`riqchi ancha-muncha qo`pollik qilgani uchun duv qizarib:  — Obbo sen-ey, hali bizni aldadingmi? Biz ham sizlarni bir boplaylik, — deya muxlisning qo`l telefonini tortib olib mashinasiga borib o`tirib oldi. — Telefoningni bermayman!

Hamma bu hazil-ku, deyishimizga qaramay, qo`riqchi telefonni bermadi. Shunda Shirinning o`zi borib, muxlisining telefonini olib keldi. 

Bobur Bobomurod, prodyuser (kulib):  — Mohichehra, nimanidir ko`nglim sezdi-ya...  Farhod va Shirinning gazeta o`qishga vaqti yo`q. Men esa gazetani har bir sonini o`qiyman, loyihadan ham xabarim bor. Lekin bu janjalli vaziyat hecham “Chuv tushdi”ga o`xshamadi-da.

Farhod: — Ammo boplab aldadingiz...

Mohichehra: — Farhod, shuncha gap so`z bo`ldi, siz xotirjam kuzatib o`tirdingiz-a? Shiringa ham, muxlisga ham yordam bermadingiz...

Farhod (kulib): — Shuncha qo`riqchilarimiz bor-ku, men nima qilaman aralashib?

Farhod va Shirinning jamoasi “muxlis”dan uzr so`rab, kula-kula, biz esa aktyorimiz kaltak eganidan ko`nglimiz xijil bo`lib xayrlashdik. Ushbu loyihani rejalashtirayotganimizda xonandalar “tobi qochgan muxlis”ga yordamga shoshilishsa kerak degan xayolda “Chuv tushdi” deb yozilgan qog`ozni kasalxonaga ketayotganda ko`rsatamiz deb o`ylagandek.

Lekin xonandalar ham ularning atrofidagilar ham yordamga shoshilishmadi... xullas, shunaqasi ham bo`ladi. Har doim biz o`ylagandek bo`lavermaydi.

  Mohichehra EShMIRZAEVA tayyorladi  

 

 

    Boshqa yangiliklar