Toshkentning "Lokomotiv" klubi muxlislar talab va istaklaridan kelib chiqqan holda, ishqibozlar uchun savol va takliflar yuborish uchun alohida elektron manzil yaratdi. Bu haqda sports.uz nashri xabar beradi.
Quyida "temiryo`lchilar"ning muxlislariga yozilgan murojaati bilan tanishib chiqishingiz mumkin. "Futbolni muxlislarsiz tasavvur qilib bo`lmaydi. Muxlislarsiz stadion go`yoki tomoshabini yo`q teatrga o`xshab qoladi. Natijada aktyor o`z rolini qoyillatib ijro qila olmaydi, o`z rolini maromida etkazib o`ynashi uchun esa unga zalda o`tirgan tomoshabin olqishi ko`mak beradi.
Futbolda ham shunday: stadionga qancha ko`p ishqiboz kelsa, o`yin ham shunga yarasha keskin kechadi, futbolchilar jon koyitib harakat qilishadi. "Lokomotiv" futbol klubi joriy mavsum ham o`z oldiga yuqori maqsadlarni qo`yganidan xabaringiz bor. Buning uchun jamoa qadam-baqadam o`sishga, yanada rivojlanishga intilib kelmoqda. Lekin har bir jamoa faoliyatida muxlislarning qo`llab-quvvatlashi, odamlarning e`tibori katta rol o`ynaydi.
Biz "Lokomotiv" futbol klubiga bee`tibor bo`lmagan ko`p sonli muxlislarning talab va istaklaridan kelib chiqqan holda ishqibozlar uchun alohida elektron pochta qutisi tashkil qildik. Endi siz bemalol ushbu elektron manzil (lokomotiv.fans@mail.ru) orqali klub rahbariyatiga o`z taklifingiz hamda o`zingizni qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishingiz mumkin. Rahbariyat imkon qadar har bir savol va taklifni atroflicha o`rganib chiqadi va shunga monand javob beradi. Zero, biz "Lokomotiv"ga muxlislik qiladigan har bir kishini diqqat bilan eshitishga tayyormiz. O`z oldiga O`zbekiston chempioni bo`lish vazifasini qo`ygan "Lokomotiv" uchun muxlislar ko`magi nihoyatda zarur. Shunday ekan, o`yin kunlari stadionga kelib bizni qo`llab-quvvatlang va klub rahbariyatiga qanday savollaringiz bo`lsa, quyidagi elektron pochta orqali murojaat qiling", - deya, yoziladi klub rasmiy saytida.
Agarda sizda ham "Lokomotiv" klubiga qandaydir taklif va savollaringiz bo`lsa, lokomotiv.fans@mail.ru elektron manzili orqali o`z savollaringiz bilan klub rahbariyatiga murojaat qilishingiz mumkin.





