Gollivudning eng iste`dodli komik aktyorlaridan biri bo`lmish Robin Uilyams o`limidan keyin uning obrazidan 25 yil davomida foydalanishni man qilgani ma`lum bo`ldi. Bu haqda Vesti.ru nashri xabar bermoqda. Kecha, aynan ushbu taqiqni tasdiqlovchi xujjat e`lon qilindi.
Ma`lum bo`lishicha, Robin Uilyams o`z vasiyatnomasida aktyor uning obrazidan (ismi, imzosi, fotosuratlari va boshqa tasvirlari) 2039 yilgacha birorta ham film yoki reklama roligida foydalanmaslikni vasiyat qilgan. Hujjatda ushbu taqiqning batafsil izohi berilgan bo`lib, aktyor o`zining obraziga tegishli barcha huquqlarni aynan shu maqsadda maxsus yaratilgan Windfall Foundation xayriya jamg`armasiga berishi aytilgan.
Uilyamsning oilasi ushbu tafsilotlar haqida shu yilning 30 mart kuni San-Fransisko shahridagi sudda aktyorning mol-mulkini bo`lish bo`yicha yakuniy qaror chiqarilishi uchun yig`ilganida ma`lum qilingan. Aytish mumkinki, shu yo`l bilan Robin Uilyams o`z yaqinlarining hayotini biroz bo`lsada engillashtirib ketgan: endi ular bu huquqlar uchun ham sudlashib yurishlariga hojat bo`lmaydi.
Eslatib o`tamiz, Robin Uilyams bir marta “Oskar” mukofoti (“Qirol baliqchi”) va besh marta “Oltin globus” mukofotini qo`lga kiritgan. Unga Barri Levinsonning “Xayrli tong, Vetnam” filmi mashhurlik keltirgan. Aktyor, shuningdek, “Missis Dautfayr”, “Avgust Rash”, “Ikki yuz yillik odam”, “Orzular qaylarga etaklaydi”, “Tabib Adams”, “Jumanji” va boshqa ko`plab filmlarda rol ijro etgan.
Aktyor 2014 yilning avgust oyida o`z joniga qasd qilgan. U 63 yoshda edi. Sud tibbiy ekspertiza vakillarining xulosalariga ko`ra, uning o`limi kamarga osib qo`yilishdan bo`g`ilishi oqibatida sodir bo`lgan. Tahminlarga ko`ra, u qattiq ruhiy tushkunlik holatida bo`lgan.





