O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi hamda 2018 yil 23 avgustdagi “Ichki ishlar organlari boshqaruv, nazorat va shaxsiy tarkib bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarorlari ichki ishlar organlari xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Ayni kunlarda IIV Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan Buxoro va Samarqand viloyatlaridagitumanlar va shaharlar ichki ishlar organlarining tayanch punkti profilaktika inspektorlari uchun malaka oshirish sayyor o`quv yig`inlari o`tkazilmoqda.
Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi “Taraqqiyot” mahallasi binosida o`tkazilgan o`quv mashg`uloti ham ko`pchilikda katta taassurot qoldirgani shubhasiz. Noan`anaviy tarzda o`tkazilgan mazkur mashg`ulot ham amaliy, ham nazariy bo`lib, profilaktika inspektorlari mahalla aholisi bilan huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish borasida hamkorlikda o`tkaziladigan profilaktik tadbirlarda qaysi jihatlarga e`tibor qaratilishi tushuntirildi. Bu o`z navbatida profilaktika inspektorlarining kasbiy bilim va ko`nikmalarini oshirishga xizmat qiladi.
“Taraqqiyot” mahallasida 1896 nafar aholi istiqomat qilyapti. Hudud aholisining farovonligini ta`minlash maqsadida savdo do`konlari, nonvoyxonalar faoliyat ko`rsatib kelmoqda. Profilaktika inspektori, mayor Suxrob Qobilovning mahalla ahli bilan hamjihatlikda olib borayotgan ishlarining samarasi o`laroq, mazkur hududda o`tgan yil davomida birorta jinoyat sodir etilmadi.
O`quv yig`inida Davlatimiz Rahbari tomonidan ilgari surilgan ichki ishlar organlari faoliyatiga oid dolzarb vazifalarga, ularning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga, sohaga oid qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hujjatlarning talablari bilan tanishtirishga va ular asosida xizmat faoliyati samaradorligini oshirishga alohida e`tibor qaratildi.
– Mamlakatimizda barcha sohalar singari, ichki ishlar organlari tizimini ham takomillashtirish, xalqchil tuzilmaga aylantirish, “Jinoyat haqiqati va adolati”, “Qonun va adolat – ustuvor, jinoyatga jazo – muqarrar” degan tamoyillarni amalda qaror toptirish soha xodimlarining bilim va ko`nikmalarini oshirish bilan uzviy bog`liq, – deydiBuxoro viloyati Jondor tumani IIB HPB tayanch punkti profilaktika inspektori, leytenant Olimjon Azimov.–Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan o`tkazilayotgan sayyor o`quv yig`inlarida sohaga oid yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, soha faoliyatiga oid tajribalar bilan yaqindan tanishyapmiz. Endilikdagi asosiy vazifamiz olgan bilimlarimizni kundalik faoliyatimizga tadbiq etish hisoblanadi.
O`quv yig`iniga jalb qilingan xodimlarga ichki ishlar organlarida xizmatni to`g`ri tashkil qilish, huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish, jamoat xavfsizligini ta`minlash, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi muammolar va ularning echimlari yuzasidan tegishli tavsiyalar berilmoqda.
Joylarda o`tkazilayotgan sayyor o`quv yig`inlari doirasida ta`lim muassasalarida ma`naviy-ma`rifiy uchrashuvlar va huquqiy targ`ibot tadbirlarini ham uyushtirishmoqda. Xususan, Kogon tumanidagi 18-sonli umumta`lim maktabi o`quvchilari ishtirokida o`tkazilgan uchrashuvda “Yoshlarni ona yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash – dolzarb vazifa” haqida so`z yuritildi.
Shuningdek, yoshlarda yuksak ma`naviyat va qonun ustuvorligi asosida yashash, el-yurtga sadoqat, adolat, halollik va jasorat kabi olijanob fazilatlarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyatiga alohida e`tibor qaratildi.
– IIV Malaka oshirish institutining professor-o`qituvchilari tomonidan maktab o`quvchilari bilan o`tkazilgan ma`naviy-ma`rifiy tadbir bizlar uchun katta saboq bo`ldi, – dedi Kogon tumani 18-sonli umumta`lim maktabining 9-sinf o`quvchisi Muhammadyahyo Niyozov – Tadbirda yurtimizda biz yoshlarga yaratilayotgan sharoitlardan samarali foydalanish, tinchlikni qadriga etishimiz, ushbu bebaho ne`matni saqlashda nima ishlar qilishimiz lozimligi to`g`risida aniq misollar bilan tushuntirildi. Shuningdek, “Yoshlarning ma`naviy va ma`rifiy saviyasini doimiy yuksaltirish – davr talabi” mavzusida o`tkazilgan viktorina biz o`quvchilarda katta taassurot qoldirdi, unda berilgan savollar qiziqarli bo`ldi. Bunday tadbirlarning muntazam o`tkazilishini xohlar edik, negaki ular orqali biz huquqiy bilimlarimizni ham oshirdik. Mazkur tadbirni tashkil etgan Ichki ishlar vazirligi rahbariyati va Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilariga minnatdorchilik bildirib qolamiz.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev ta`kidlaganidek, vatanparvarlik har bir davlat hayotining ma`naviy asosi hisoblanadi va jamiyatni har tomonlama rivojlantirish borasida eng muhim safarbar etuvchi kuch sifatida namoyon bo`ladi.
Ayniqsa, o`tkazilgan mazkur tadbirlar maktab o`quvchilarida katta qiziqish uyg`otib, “Yoshlarning ma`naviy va ma`rifiy saviyasini doimiy yuksaltirish – davr talabi” mavzusida o`tkazilgan viktorina katta taassurot qoldirdi.
Hay`at a`zolari o`quvchilarning ishtiroki hamda bilimlari yuzasidan ijobiy fikr bildirib, faol ishtirok etgan jamoa a`zolariga esdalik sovg`alari topshirildi.
Mamlakatimizda keksa avlod vakillariga g`amxo`rlik ko`rsatish, ularning hayot darajasi va sifatini oshirish uchun qulay tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish, ko`rsatiladigan ijtimoiy va maishiy xizmatlar doirasini kengaytirish masalalariga ham alohida e`tibor qaratilyapti. IIV Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan mahallalarda istiqomat qilayotgan e`tiborga muhtoj fuqarolar hamda ichki ishlar organlari tizimida uzoq yillar mobaynida samarali mehnat qilgan va bugungi kunda nafaqada bo`lgan faxriylarning holidan xabar olish an`anaga aylanib bormoqda.
– Uyimda kelinim bilan o`tirganimizda bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari kelishdi, –deydi Kogon tumani “Dexmirzayon” qishlog`ida yashovchi, 1965 yilda tug`ilgan Mohira Meliqo`zieva – rahmatli turmush o`rtog`im bilan 3 nafar farzandni voyaga etkazdik, oq yuvib, oq tarab, xalqqa xizmat qiladigan inson qilib tarbiyaladik, o`tgan yili turmush o`rtog`imdan ayrilib qoldim, katta o`g`limni uylantirganman, qizimni turmushga uzatganman, kenja o`g`lim qoldi. Bugungi kunda katta o`g`lim kirakashlik qilib, oilamizning ro`zg`orini tebratib turibdi, lekin turmush-g`or deganlaridek, qiynalib qolganimizda mahalladoshlarim, qarindoshlarim, qo`ni-qo`shnilarim, mahalla raisi va profilaktika inspektori qarashmoqda, uyimga mening oilamdan xabar olish uchun kelgan ichki ishlar organlari xodimlariga, Ichki ishlar vaziri va Malaka oshirish institutining rahbariyatiga o`z minnatdorligimni bildiraman.
Bundan tashqari, o`quv yig`inida “Istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazining Buxoro viloyati bo`limi xodimlari ham odam savdosining oldini olish, odam savdosi jinoyatining oqibatlari, undan jabrlanganlarga yordam ko`rsatish masalalari yuzasidan profilaktika inspektorlari bilan fikr almashishdi. Shuningdek, ichki ishlar organlari tomonidan odam savdosiga qarshi kurashish bo`yicha olib borilayotgshan amaliy ishlar haqida ham ma`lumotlar keltirib o`tildi.
Institut professor-o`qituvchilari tomonidan sayyor o`quv yig`inlari, ta`lim muassasalarida targ`ibot tadbirlari hamda e`tiborga muhtoj fuqarolarning holidan xabar olish kabi ezgu ishlar joylarda davom etmoqda.
O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati






