Joriy yil 1-9 aprel kunlari o`spirinlar va o`smirlar o`rtasida qilichbozlik bo`yicha o`tkaziladigan jahon chempionatida 104 dan ziyod mamlakatdan 1200 nafardan ortiq sportchining ishtirok etishi ma`lum bo`ldi. Bu haqda Uzbekistan Today axborot agentligi xabar beradi.
– Toshkentda qilichbozlik bo`yicha jahon chempionati yuqori darajada o`tkazilishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan, – dedi O`zbekiston qilichbozlik federasiyasining raisi Sobirjon Ro`ziev. – Uni tashkil etishda Xalqaro qilichbozlik fererasiyasi katta yordam ko`rsatmoqda.
Mamlakatimizga tashrif buyuruvchi delegasiyalar rahbarlari hamda sportchilarni kutib olish ishlari bilan sayyohlik kompaniyalaridan biri shug`ullanadi. Musobaqa ishtirokchilari poytaxtimizdagi eng yaxshi mehmonxonalarga joylashtiriladi.
– Mehmonlarni shahrimizdagi teatr, muzey va bog`lar hamda boshqa madaniy muassasalar bilan tanishtiramiz, – dedi S. Ro`ziev.
Musobaqa ikkita sport zali – badiiy gimnastika bo`yicha respublika oliy sport mahorati maktabi hamda uning yonida joylashgan yopiq tennis kortlari zalida o`tkaziladi.





