AsosiySport

Xushxabar. Sobirov va Lutfullaev Samsunda chempion bo`lishdi

Turkiyaning Samsun shahrida dzyudo bo`yicha Gran-Pri turkumiga kiruvchi yirik xalqaro turnir davom etmoqda. Mazkur nufuzli musobaqada dunyoning 70 davlatidan 566 nafar sportchi jami 14 vazn toifasida tatamiga chiqyapti. Musobaqada O`zbekiston erkaklar terma jamoasining 12 nafar a`zosi ham ishtirok etmoqda.

Quvonarlisi, musobaqaning ilk kuni terma jamoamiz hisobiga 2 ta oltin medalini taqdim etdi. Erkaklar o`rtasidagi 60 hamda 66 kg vazn toifalarida o`zbekistonlik polvonlarga teng keladigan raqib topilmadi, deb yozadi olamsport.com nashri.

60 kg vaznda tatamiga chiqqan Sharofuddin Lutfullaev barcha raqiblarini engib, finalga etib keldi. U finalda ozarbayjonlik Orxan Safarovni ham mag`lub etib, Gran-pri g`olibiga aylandi. Safarov yarim finalda yana bir hamyurtimiz Diyorbek O`rozboevni mag`lub etgandi. O`rozboevga beshinchi o`rinni band etdi.

66 kg vazn toifasidagi terma jamoamiz etakchisi, ikki karra Olimpiya o`yinlarining bronza medal sovrindori Rishod Sobirov ham finalda tatamiga chiqdi. Sobirov yarim finalda portugaliyalik Sergiu Oleynikni taslim etgan edi. Oltin medal uchun kechgan bahsda esa mo`g`ulistonlik Tumurxuleg Davaadorjni mag`lubiyatga uchratdi.   

Eslatib o`tamiz, Samsun tatamilarida yurtimiz sport sharafini Sharofiddin Lutfullaev, Diyorbek O`rozboev (ikkisi ham 60 kg) va Rishod Sobirov (66 kg)dan tashqari Sarvar Shomurodov, G`iyosjon Boboev (ikkisi ham 73 kg), Yahyo Imomov, Shaxboz Sobirov (ikkisi ham 81 kg), Sherali Jo`raev, Davronbek Sattorov (ikkisi ham 90 kg), Ramziddin Saidov (-100 kg) hamda mutloq vazn toifasi Abdulla Tangriev va Boltaboy Boltaevlar himoya qiladi.

    Boshqa yangiliklar