Yo`lovchilarga qo`shimcha qulayliklar yaratish, poyezdlarga chiqish oldidan chiptalarni tekshirish jarayoniga sarflanadigan vaqtni qisqartirish maqsadida “O`ztemiryo`lyo`lovchi” AJ tomonidan elektron chiptalarni zamonaviy texnologiyalar QR-kod orqali tekshiruvchi maxsus moslamalarni sinovdan o`tkazish jarayoni boshlandi.
Ayni damda yangi moslamalar “Afrosiyob” poezdlarining birida sinovdan o`tkazilmoqda. Elektron chiptani rasmiylashtirgan yo`lovchilarga endi uni A-4 formatida chop etish zarurati yo`q, ya`ni elektron chiptani smartfon yoki planshetlarda taqdim etishning o`zi kifoya. Nazorat-o`tkazish punkti xodimlari hamda vagon kuzatuvchilari elektron chiptaning haqiqiyligini maxsus moslama bilan tekshiradi, keyin esa yo`lovchi chipta bo`yicha o`z joyini egallashi mumkin bo`ladi.
Hozirda qurilmalar “Toshkent-Markaziy” vokzalida sinovdan o`tkazilmoqda. Keyinchalik tizim barcha vokzallarda joriy etilishi rejalashtirilgan. Sinov ishlari mart oyining oxirigacha davom etadi.






