Ijtimoiy tarmoqlar orqali turk etsradasi yulduzi Serdar O`rtachning O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Mavluda Asalxo`jaeva bilan tushgan surati tarqaldi. Ma`lumotlarga qaraganda, Serdar O`rtach va Mavluda Asalxo`jaeva o`tgan 2015 yilning 26 mart sanasida poytaxtdagi “Yakkasaroy” restoranida bo`lib o`tgan to`yda uchrashib qolishgan. Ko`pchilikka ma`lum, xonanda Mavluda Asalxo`jaeva Serdar O`rtachning bir qancha qo`shiqlarini o`zbek tilida kuylagan. Bundan Serdarning xabari yo`q, qo`shiqlar o`g`rincha olinganligi haqidagi mish-mishlarga esa kecha Asalxo`jaeva yana bir bor oydinlik kiritib, Serdarning yana bir qo`shig`i musiqasini olish istagida ekanini ma`lum qildi.
Mavluda Asalxo`jaeva, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist: - “Serdach O`rtach mening eng sevimli xonandalarimdan biri. Bundan tashqari u yaqin do`stlarimdan biri hamdir. Ochig`ini aytganda uning Toshkentda ekanidan ham xabarim yo`q edi. U bilan to`yda kutilmaganda uchrashib qoldik. Shu vaqtgacha u bilan doimiy hamkorlik qilib, qo`shiqlarini o`zbek tilida kuylaganman va doim ruxsatini olganman. Serdar bilan munosabatlarimiz yaxshi. Kechagi uchrashuvda uning yana bir qo`shig`ini o`zbekchada kuylashni kelishib oldik”.
Xabarlarga ko`ra, Mavluda Asalxo`jaeva O`rtachga birgalikda duet kuylash taklifini bergan. Buni rad etmagan Serdar esa Asalxo`jaevani Turkiyaga taklif qilgan. Turk va o`zbek estrada yulduzlarining o`zaro tandemi quruq gapligicha qolib ketadimi yoki tez orada amalga oshadimi, buni esa vaqt ko`rsatadi.





