AsosiyShou-biznes

Alisher FAYZ: “Atrofdagilarning yutug`idan quvonishni o`rganish kerak...”

Ko`ngilni ko`z yosh to`la chelakka o`xshatadigan bu ijodkor, so`zdan “xamir qorib”, o`sha “chelak” suvidan ishlatib “non yopadi”. Uning bu “mahsuloti” esa doim xaridorgir. Ko`ngil odami bo`lgan bu suhbatdoshimiz — O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Alisher FAYZ...

— Bir yildan buyon matbuotda intervyu bermayotganingizga biror jiddiy sabab bormi?

— Yosh ulg`aygani sari gapirishdan avval yo`lga qo`yilishi kerak bo`lgan ishlar xususida o`ylab qolyapman. Fikr bildiradiganlar ikki toifa bo`ladi. Biri “aytganimni qil”, ikkinchisi “amalimni bajar”, derkan. Birinchi toifadan ikkinchi toifaga o`tish istagidaman. Shu sabab gapirishdan ko`ra, ko`proq o`ylash yoqyapti.

— “Yolg`on ekan-ku!” qo`shi­g`ingiz “Yil qo`shig`i-2014” deya e`tirof etildi. Biroq “Baxtlimisan, ayt?”, “Ko`ri­shamiz” taronalaringiz ham g`oliblikka da`vogar qo`shiqlar ro`yxatida bor edi. Nazarimda, “Baxtlimisan, ayt?” g`olib bo`lishini is­tagandin­giz-a?

— Ha, lekin “Baxtlimisan, ayt?” qo`­shig`ini yozishdan muddao mu­­kofot olish bo`lmagan. Aslida farzandli bo`lganimda tug`ruqxonadan chiqish jarayo­nidagi videoga qo`yish uchun yozilgandi. Bu qo`shiqni muxlislarga taqdim etish rejamda ham bo`lmagan. Shu sabab klip ham suratga olmaganmiz. “Yolg`on ekan-ku!” — ko`hna, milliy ohangda yaratilgan qo`shiqlardan. Chunki u bolaligimda eshitgan qo`shiqlarimni yodga soladi. Bu qo`shiq “Yil qo`shig`i”, deya e`tirof etilganida dastlabki fikrim o`zgardi. Boisi, taqdimot kuni uchta xonadonda xursandchilik bo`ldi. Har bir qo`shiqning shoir va bastakori ham taqdirlangandi-da. Bas­takor Fazliddin Rahmonov, shoir Nas­rullo Sadriy. She`r muallifi hayot bo`lmagani uchun mukofotni farzandi qabul qilib oldi. “Yolg`on ekan-ku!” qo`shig`im g`olib bo`lib, quvonchni bo`lishish imkoni tug`ilganidan mamnun bo`ldim.

— “E`tirof-2014” taq­dimotidan so`ng “Mukofot menga nasib etganida Ulug`bek Rahmatullaev g`olib bo`lganida quvonganimchalik quvonmasdim”, dedingiz. Atrofdagilarning yutug`idan quvonish, bu — o`zingizdagi kibrni engishmi?

— Ha! Muvaffaqiyatga erishish uchun atrofdagilarning yutug`idan quvonishni o`rganish kerak, nazarimda. To`g`ri, “E`tirof” kutishga arziydigan mukofot. Hatto ba`zi ham­kasb­la­rimning kayfiyati tush­ga­nini ham ko`rdik. Lekin quvonchimning sababi avvaldan Ulug`bek Rahmatullaev mukofot oldi-yu, men yugurib borib, tabriklaganimni xayoldan o`tkazgandim. Niyatim xolis ekan, qolaversa, samimiyatni qadrlayman. Ulug`bek aka chindan mukofotga loyiq ijodkor! 

— Hamkasblaringizning sizga manzur kelmagan jihatlari haqida ham ochiq fikr bildira olasizmi yo “Sen menga tegma, men senga tegmayman”, qabilida ish tutasizmi?

— Kimningdir xatosini ko`rsam, avvalo “menda shu xato yo`qmikan?”, degan savol tug`ila­di. “Aqlli odam xatosini tak­rorlamaydi”, degan fikrga qo`shilmayman. Aslida aqlli kishi boshqalarning xatosini takrorlamaydi. Ijoddagi xatolar tabiiy jarayon, boisi, harakat qilgan kishigina xato qiladi. Xato qilishdan qo`rqishning o`zi xato. Do`stona muhit vujudga kelib qolsa, fik­rimni ehtiyotkorlik bilan etkazishga harakat qilaman. Chunki hayotdagi shiorim — ko`ngilga ozor bermaslik. O`zimga o`zim “Buncha arzonsan ko`ngil?” degan savolni ko`p beraman. Lekin o`rni kelganda u juda qimmat bo`ladi. Hammaga birdek yoqolmaymiz, axir. Lekin bu — barchaning ko`nglini olishga harakat qilma, degani emas. O`zimning ko`nglimni ham ranjitib qo`ymaslikka urinaman.

— Ayni damda 19 maydan 24 maygacha bo`ladigan “Dilga yaqin” nomli konsert dasturingizga tayyorgarlik ishlari bilan bandsiz. Konsert kunlari bir kunga ko`payibdi...

— Bu zimmamga yana bir karra mas`uliyat yukladi. Har yili ustozim Ozodbek Nazarbekovning aprel oyida bo`ladigan konsertida shogird sifatida xizmat qila turib, “Konsertimga shuncha odam kelarmikan-a?” deyman. Bu savol tashrif buyuruvchilarga bo`lgan minnatdorchilik hissi sabab tug`iladi. Gohida esa qimmatli vaqtini ajratib kelgan muxlislar ketgan fursatlariga achinmasmikan, degan o`y menga uyqu bermaydi. Tayyorgarlik vaqtida ijodiy jamoaga har doim bir gapni aytaman: mo`ljal — yurak! Konsertda birinchi navbatda izlaydiganim — samimiyat. Muxlislarning ko`zidagi mamnunlik, mehr taftini ko`rganimda sahnada bamisoli baliqdek suzaman. Muxlislardagi “bu yil konsert qanday bo`larkan?” degan savol ijodiy jamoamizda ham bo`ladi. Farqi shundaki, savolga javob topish vaqti muxlislar zalda, biz sahnada bo`lamiz (kuladi).

— Konsertga tashrif buyuruvchilarning soni kamaymayotganini Alisher Fayz nomi ushlab turibdi, deb baholash to`g`rimi yo qo`shiq­la­rin­giz o`z “umri” bilan yashayaptimi?

— Tasavvur qiling, katta ijodiy jamoadagi har bir kishi mashinaning qaysidir qismi. Birorta qism bo`lmasa, mashina to`laqonli yura oladimi? Qaysidir tomoni mashinaning nomi bo`lishi ham mumkin. Lekin shu nomga qo`shiqlar orqali etib keldim-ku! To`g`ri, bu mavzuni o`ylamayman, deya olmayman. Biroq o`ylashdan ko`ra, harakat qilishni afzal bilaman. Konsert kunlari kelguniga qadar ustozimning boshini og`ritib yuboraman. Ijodiy jamoa Alisher Fayz uchun ishlaydi, shu jumladan, men ham shu nom uchun mehnat qilaman. Sahnadagina Alisher Fayzman, qolgan vaqt ijodiy jamoaning bir vakiliman, xolos. Faqat “rul”ning o`zi bilan mashina joyidan qimirlol­may­di, axir. 4200 nafar muxlis bitta qo`shiqqa har xil taassurotda qarsak chaladi. Ularni birlashtiradigan narsa nimaligini esa qidiryapman... Ochig`i, tinmay qo`shiq taqdim qilishni istamayman.

— Tan olish kerak, ijodingizda son emas, sifat ustunlik qiladi.

— “Qush uyasida ko`rganini qiladi”, deb bejiz aytishmagan, axir (samimiy jilmayadi).

— Har bir qo`shig`ingiz orasidagi muddatni to`fondan oldingi tinchlikka o`xshataman...

— Ko`ngil odami bo`lganim uchun “nasib qilgan qo`shiqning o`zi keladi”, deb xotirjam yuraman. “Yomon qo`rqdim” kabi ommalashgan qo`shiqlarim bu haqiqatni anglashimga sabab bo`ldi. Ijodda chuqurlashishni yoqtirmayman.— “Yangi qo`shiq chiqqanidan boshlab, eskirishga qadam bosadi. Shu jihatdan ijod qilishga o`rgandim”, degandingiz, bu fik­ringiz o`z kuchini yo`qotdimi?

— Qo`shiqni aslida yangi-eski, deb emas, balki esi kirgan va o`rtacha qo`shiqlarga ajrataman. Vaqt ko`p narsani tezlashtirib yubor­yapti. Tasavvur qiling, ko`chaga chiqdingiz, hamma shoshil­yapti. Biroq bu men ham yugurishim kerak, degani emas-ku! Ko`p kuzatiladigan holat: bastakor yo musiqa bezakchisiga qo`shiq­ni olib borib, tezroq bitirib berishini so`raymiz. Hayotimizning har bir “bekati”ni bosib o`tishimiz kerakligidan kelib chiqsak, umrimizni o`zimiz tezlashtirib yubormayotganmikanmiz? Axir undan olinadigan zavq qaerda qoladi? Odatda ijodda aqlga emas, ko`ngilga “engilaman”, uning beboshligi yoqadi...

— O`zingiz bilan ovora bo`lib, yaqinlar diydoridan uzilib qolayotganingiz, ertaga bugunni topolmasligingiz o`ylantirmaydimi? “Mega yulduz” bo`lgan taqdiringizda ham jigarlar oldidagi majburiyat o`sha-o`shaligicha qoladiku!

— San`atkorda qat`iy tartib yo`qligini, yo`qlab kelishganida, birga bo`lolmasligimni yaqinlarim tushunishadi, bu mening baxtim. Bu xatoni to`g`rilash uchun jigarlarimga bir oyda bir, oila a`zolarimga esa haftada bir marotaba barcha ishni chetga surib, “oila kuni” o`tkazishni yo`lga qo`ydik.

— Imidjingizni o`zgartirib, Namanganga — uyga borganingizda onangiz “Kimga o`xshab olding?” deb burchakka turg`izib qo`yib, rosa urishgani yodingizdami? Yoshligingizda gap eshitish uchun turadigan burchak hozir ham bormi?

— Bor-u, lekin kam turaman (kuladi). Boisi ulg`aygach, bamaslahat ish qilishga odatlanarkan, kishi. Xatoga yo`l qo`yilsa, qandaydir voqea sabab hayotning o`zi sizga ko`zgu tutgandek aybingizni ko`rsatib qo`yadi. Natijada burchakka hojat qolmaydi.

— Alisher Fayz, deganda avvalo, “samimiy, doim qo`li ko`ksida, yuzidan tabassum arimaydi”, degan ta`rif yangraydi. Bu jarayonda qaysi biri “charchaydi”, ichingizdagi romantik Alishermi yo real hayotdagi Alisher?

— Hech biri charchamaydi! Lekin rostini aytaman, bitta kamchiligim — kayfiyatim yo`q bo`lsa, qanchalik buni yashirishga urinmay, ba`zida bu qo`limdan kelmaydi. Samimiyligim, tabassumim, qo`limning ko`ksimda turishi, bu — Alisherning tabiati. 

— Bugungi kunda erishishni istagan ayrim cho`qqilaringiz mayda narsalardek bo`lib ko`rinadimi? Shunday paytlarda “qanchalik maydalashgan ekanman?” degan o`y xayolingizdan o`tadimi?

— Erishishni istagan cho`qqim maydaligini emas, kamtarona mehnatimga taqdir katta mukofot berganini tushundim! Yaqinda tomog`im qattiq og`rib, bir piyola choyni “qirqqa bo`lib” ichdim. Oddiy choy ichishning o`zi qanchalik katta baxt ekanini ang­ladim. Shundan kelib chiqsak, erishgan har bir yutug`im men uchun qadrli.

— Odamlar mevali daraxtning yoniga keladi. Bugungi kunda “meva”siz qolgan “daraxt”lar talaygina. “Meva” beryapsiz, atrofingizda “xaridor” ko`p. Lekin har qanday daraxt ham kun kelib, meva berishdan to`xtaydi. Siz ham xuddi shunday holga tushganingizda, siz bilan birga bo`ladigan “xaridor”lar borligiga ishonasizmi?

— To`g`ri, bu haqda o`ylaganman. Lekin bu harakatim noto`g`ri ekanini tushundim. Hamma narsa niyatga bog`liq ekan. Qadim zamonda maslahatgo`y kishining oldiga bir odam kelib, “Qiyinchilikni qarang”, deb nolisa, “To`g`ri, qiyin vaqt bo`lib qoldi”, debdi. Ikkinchi kishi kelib, “Qiyinchilikka qaramay odamlar harakatda. Asosiysi, odamlarning umidi so`nmagan”, desa “To`g`ri”, debdi. Shunda atrofdagilar “Nega ikki kishining gapini bir vaqtda ma`qulladingiz?” deya hayratlanishibdi. Donishmand “Hamma o`z qarichi bilan o`lchaydi”, degan ekan... O`zimni eng oxirgi o`rinda o`ylayman. Istagim yon-atrofimdagilarga kerakli inson bo`lish!

    Boshqa yangiliklar