Kinologiya xizmati Respublikamiz hududida jamoat tartibini saqlashda, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni xizmat itlari yordamida “izi sovumasdan” fosh etish, fuqarolarning xavfsizligi, osoyishtaligini ta`minlashda o`zining beqiyos imkoniyatlarga ega ekanligini takror va takror namoyon etib, ichki ishlar organlarining ilg`or xizmat sohalari orasida munosib o`rin egallab bormoqda. Xususan, bu borada Ichki ishlar vazirligi rahbariyatining tashabbusi bilan 2006 yilda tashkil etilgan Kinolog xodimlar va qidiruv xizmat itlarini tayyorlash Markazi ham keng ko`lamli ishlar amalga oshirmoqda. Bu haqda UzReport axborot agentligi xabar beradi.
Bugungi kunda markazda asosiy e`tibor, joylarda kinologiya xizmatlarining moddiy-texnik ta`minotini mustahkamlash, xodimlarning bilim saviyasi va kasb maxoratini oshirish,xizmat itlari uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratish, zotdor xizmat itlarini sotib olish, xizmat itlarining maxsus yo`nalishlar bo`yicha tayyorgarlik darajasini yaxshilash masalalariga qaratilgan va bu borada salmog`li ishlar olib borilmoqda.
Qayd etish lozim, Markazda Respublika ichki ishlar organlarining kinologiya xizmatlaridan jalb etilayotgan tinglovchilarni sifatli va samarali ta`lim olishlari uchun barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratilgan.
Kinologiya xizmati hozirgi fan va texnika rivojlangan bir davrda butun dunyoda giyohvandlikka qarshi kurashish, portlovchi moddalar, portlatish vositalari va qurilmalari,qurol-yarog` hamda o`q-dorilarni qidirib topish borasida muhim axamiyat kasb etadi.





