AsosiyJamiyat

Toshkentda I Xalqaro aviasiya forumi bo`lib o`tadi

'Toshkentda I Xalqaro aviasiya forumi bo`lib o`tadi'ning rasmi

12 fevral kuni poytaxtdagi “Hilton” mehmonxonasida O`zbekiston Respublikasi Bosh vazir o`rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligida «Uzbekistan Airports, Aviation&Logistics Forum» birinchi xalqaro forumiga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi. 

Anjumanda, shuningdek, Transport vaziri Elyor G`aniev, “Uzbekistan Airports” AJ raisi Ravshan Ismailov, Fuqaro aviasiyasi agentligi direktori v.b. Tolib O`ljaev hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Tadbirda 19-20 fevral kunlari Toshkent shahridagi «O`zekspomarkaz» Milliy ko`rgazma majmuasida o`tkazilishi rejalashtirilayotgan «Uzbekistan Airports, Aviation&Logistics Forum» (UAALF-2020) xalqaro aviasiya forumi haqida so`z bordi.

I Xalqaro aviasiya forumi O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, Transport vazirligi, “O`zbekiston havo yo`llari” MAK, “Uzbekistan Airports” AJ hamda BAAning «Fair Exhibition Organizers» kompaniyasi tomonidan o`tkaziladi. 

Ma`lumot uchun: «Fair Exhibition Organizers» (FEO) AL ZAROUNI kompaniyalar guruhining bir qismi bo`lib, unga 1999 yilda asos solingan. Hozirgi kunga qadar 150dan ortiq xalqaro ko`rgazma FEO tomonidan tashkil etgan. Dunyo bo`yicha 15dan ortiq idorasiga ega. UAALF 2020 xalqaro forumida Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Kanada, Hindiston, Braziliya, Turkiya, Kuvayt, Misr, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya kabi ko`plab davlatlardan 60 dan ziyod eksponent, 300 delegat va 1200 mutaxassis, jumladan xorijiy davlatlarning transport vazirliklari rahbarlari, fuqaro aviasiyasi va aeroportlar boshqaruvi vakillari, etakchi xalqaro va xorijiy aviakompaniyalar, aeroportlar, aviasiya va transport sohasidagi kompaniyalarning yuqori lavozimli rasmiylari ishtiroki kutilmoqda.

Ikki kunlik tadbirga dunyoning 130 ga yaqin xalqaro tashkiloti jalb qilingan, xususan, “Boing” va “Jetcraft” (AQSh), “Air Charter Service” (Buyuk Britaniya), “Bombardier Business jets” (Kanada), “TLD” (Hindiston), “Luftansa Consulting” (Germaniya), “EGIS” (Fransiya), “ATR” (Ispaniya), “Kuwait Airways” (Kuvayt), “Air Arabia” va “BGT Events” (BAA), “Gulf Air” (Baxrayn), “Korean Air” va “Asiana Airlines” (Janubiy Koreya), “Azerbaijan Airlines” (Ozarboyjon), “Aeroflot” va “IrAero” (Rossiya), “Al Masriya” (Misr), “Zagros Airlines” (Eron), “Pegasus Airlines” va “Turkish Airlines” (Turkiya), “Mitsubishi Corporation” (Yaponiya),  “Air Astana” (Qozog`iston) va boshqalar.

    Boshqa yangiliklar