2020 yilning 10 fevral kuni tahminan soat 07:30 larda Buxoroda avtohalokat sodir bo`ldi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Bu YTH haydovchi – 24 yoshli A.R. boshqaruvidagi “Nexia-2” rusumli avtomashinasida “Xorazm-Buxoro” A-380 avtomobil yo`li bo`ylab Romitan tuman hududida harakatlanib ketayotgan vaqtda, boshqaruvni yo`qotishi oqibatida kelib chiqdi.
Bu holatda avomashina yo`lning chekkasiga chiqib ketgan va bir necha marta dumalashi natijasida yo`lovchilardan 49 yoshli U.M. va 42 yoshli D.A. hodisa joyida vafot etgan. Rulni boshqargan haydovchi va 36 yoshli uchinchi yo`lovchi X.Yu. esa shifoxonaga olib kelingan.
Mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodekining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (Odamlar o`limiga sabab bo`lgan transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Tergov departamenti halok bo`lganlarning oila a`zolariga hamdardlik bildiradi. Fuqarolarni yo`llarda avtoulovda harakatlanayotganda e`tiborli bo`lishga, tungi paytda yo`lda to`xtab uxlab olishga chaqiradi.






