Majburiy ijro byurosi Mo`ynoq tumani bo`limining tezkor xodimlari tomonidan tuman hududidagi fuqarolar yig`inida o`tkazilgan o`rganish tadbirlari natijasida noqonuniy ulanish fosh qilindi. Bu haqda MIB xabar bermoqda.
Xususan, bo`lim xodimlari tomonidan “Tik-ozek” ovul fuqarolar yig`ini hududida energiya resurslaridan foydalanishning qonuniyligi holati o`rganilganda, ushbu hududda joylashgan xom g`isht ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan elektr ta`minoti korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan, elektrdan to`g`ridan to`g`ri foydalanib o`tirganligi aniqlandi.
Mazkur holat tegishli tartibda rasmiylashtirilib, O`zbekiston Respublikasi MJtK ning 101-moddasi bilan ma`muriy ish qo`zg`atilib, olib borilgan surishtiruv jarayonida jamiyat tomonidan ta`minotchi korxona manfaatlariga 11 mln. 499,5 ming so`mlik zarar etkazilganligi aniqlandi.
Shuningdek, jamiyat rahbari M.A. ga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 3 barovari miqdorida jarima qo`llanilgan.
Shundan keyin, huquqbuzar o`z qilmishidan afsusdaligini bildirib, keltirgan zararni to`liq qoplab va qo`llanilgan jarimani to`lab berdi.






