AsosiyJamiyat

Samarqandda o`quvchining ikki tirnog`i uzilib tushishiga sabab bo`lgan o`qituvchi qanday yo`l tutdi?

'Samarqandda o`quvchining ikki tirnog`i uzilib tushishiga sabab bo`lgan o`qituvchi qanday yo`l tutdi?'ning rasmi

Samarqand shahar xalq ta`limi bo`limining ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “O`qituvchining ehtiyotsizligi sababli o`quvchining ikki tirnog`i uzilib tushdi” nomli maqolaga munosabati e`lon qilindi.

Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 4 fevral kuni “O`qituvchining ehtiyotsizligi sababli o`quvchining ikki tirnog`i uzilib tushdi” nomli maqola e`lon qilinib, keng muhokamalarga sabab bo`lmoqda.

Ma`lum bo`lishicha, hodisa joriy yilning 21 yanvar kuni sodir bo`lgan. Haqiqatdan ham, shu kuni 16-umumta`lim maktabining fizika fani o`qituvchisi, ayni paytda maktab direktorining o`quv ishlari bo`yicha o`rinbosari 8-“G” sinfda dars mashg`uloti o`tayotgan paytda o`quvchilar Daler Shumelin va Eldor Rashidovlar o`zaro tortishib turadi. Kamoliddin Usanov ularni tinchlantirish va tanbeh berish maqsadida Eldor Rashidovni sinfxonadan tashqariga chiqaradi. Ularning ortidan Daler Shumelin ham ergashib, sinfxonadan chiqmoqchi bo`lganda o`qituvchi Kamoliddin Usanov Dalerdan chiqmaslikni talab qilib, jahl ustida eshikni qattiq yopadi. Afsuski, eshikdan qo`lini olib ulgurmagan o`quvchi Daler Shumelinning o`ng qo`l o`rta va nomsiz barmoqlari qattiq shikastlanadi.

Shu paytning o`zida o`qituvchi Kamoliddin Usanov hamda ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha direktor o`rinbosari Aziz Bekmurodov Daler Shumelinni shifoxonaga olib borgan va onasiga xabar bergan.

Sodir bo`lgan holat yuzasidan maktab rahbariyati 21 yanvar va undan keyingi kunlar davomida shahar xalq ta`limi bo`limiga ham, huquq-tartibot organlariga ham xabar bermagan.

Kamoliddin Usanov o`quvchi Daler Shumelinning olgan jarohatlarini davolash xarajatlari va uning yaqinlari ko`rgan zararni qoplashga va`da bergan. Uch-to`rt kun davomida xarajatlarni to`lab, o`quvchining uyiga oziq-ovqat mahsulotlarini olib borib turgan. Ammo keyinchalik oilaviy ahvoli tufayli yordam bera olmagan.

Bo`lib o`tgan hodisalardan shahar xalq ta`limi bo`limi xabar topgach, ushbu holat yuzasidan 16-umumta`lim maktabida ishchi guruh o`rganish ishlarini olib bordi. Maktab o`quvchi va o`qituvchilari bilan suhbat o`tkazilib voqeaga to`liq oydinlik kiritildi. Daler Shumelinning onasi bilan suhbatlashib, unga moddiy yordam hamda oziq-ovqat mahsulotlari berildi. Kamoliddin Usanov undan keyingi xarajatlarni ham to`lashni zimmasiga oldi. O`quvchining shifokor nazoratidan o`tishi uchun uni shifoxonaga olib borib kelish uchun mas`ul tayinlandi.

Bugungi kunda Daler Shumelinning jarohatlari bitmoqda. U “Doktor Aralov medikal” mas`uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli xususiy klinikasi shifokori Alisher Lutfullaevning doimiy nazoratida.

O`quvchi bilan munosabatlarda ehtiyotsizlikka yo`l qo`ygan Kamoliddin Usanovga nisbatan shahar xalq ta`limi bo`limi mudirining 2020 yil 5 fevraldagi 29-K-sonli buyrug`i bilan, O`zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 181-moddasiga muvofiq, “Xayfsan” intizomiy jazo chorasi qo`llanildi.

Bu kabi holatlarga yo`l qo`ymaslik bo`yicha o`qituvchilar orasida tushuntirish-targ`ibot ishlari olib borildi.

 

    Boshqa yangiliklar