Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YaIDXP) avtomobilda yo`lovchilar va yuklarni shahar ichida, atrofida, shaharlararo, xalqaro yo`nalishlar bo`yicha tashishga lisenziya olish tartibini soddalashtirish imkonini beradigan yangi xizmat ishga tushdi, deya yozdi O`zA.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi ma`lumotiga ko`ra, endi avtomobil haydovchilari yo`lovchi va yuk tashishga lisenziya olish uchun YaIDXPga ariza topshirib, zarur bandlarni elektron shaklda to`ldirishi va arizasi tasdiqlanishini kutishi kifoya.
Ta`kidlash joizki, ushbu xizmat ko`rsatilgani uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari miqdorida yig`im – 223 ming so`m undiriladi. Lisenziya kartasini berish uchun ham davlat boji undirilib, uning miqdori avtomobil hajmiga qarab belgilanadi. Bunda qaror qabul qilingani to`g`risidagi xabarnoma yozma yoki elektron shaklda bir ish kuni ichida yuboriladi. Lisenziya cheklanmagan amal qilish muddatiga taqdim etiladi.
Bu yangilik avtomobilda yuk tashuvchilarga vaqt va mablag`ini tejash hamda lisenziya olish jarayonining yanada shaffofligini ta`minlash imkonini beradi.






