Ijtimoiy tarmoqlarda "Qo`qon shahar xalq ta`limi bo`limida xodimlar hisobdan chiqarilgan yaroqsiz kompyuterlarni ishlatishga majbur" sarlavhasi ostida tarqatilgan xabarga Farg`ona viloyat xalq ta`limi boshqarmasining munosabat bildirdi.
Bugungi kunda Qo`qon shahar xalq ta`limi bo`limida xodimlar faoliyatini va mehnat samaradorligini oshirish maqsadida barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Avvalo bo`limning barcha xonalari talablar asosida ta`mirlandi. Jumladan, bo`lim mudiri xonasi ham oddiy ta`mirlangan. Qo`shimcha yoki yangi jihoz uning xonasi uchun sotib olinmagan.
Shahar xalq ta`limi bo`limi joylashgan bino o`tgan asrning 70-yillarida qurilgan bo`lib, mukammal ta`mirga muhtoj edi. Jumladan, xonalar, koridor, faollar zali, eshik-romlar, hojatxonalar... ta`mir talab edi. Shuningdek, bu erda kommunikasiya masalalari, elektr energiyasi tarmoqlaridagi nosozliklar va boshqa muammolar ham o`z echimini kutardi. Binoni tegishli tartibda ta`mirlamasdan turib, bu masalalarni ijobiy hal qilib bo`lmasdi. Shu boisdan noo`rin ta`mirlash xususidagi vaj o`rinsizdir.
Ayni paytda kompyuterlar shahar xalq ta`limi bo`limida etarli. Nosoz kompyuterlar ham bor, uni hech kim inkor qilmaydi. Har qanday texnika vositasi o`z vaqtida ta`mirga uchragani kabi, bo`limdagi kompyuter jamlanmalari sozlanib, modernizasiya ham qilinmoqda. Eski va yaroqsiz kompyuterlarni maktablardan olib ishlatilmoqda, degan iddao ham mutlaqo asossizdir. Ta`limda sifat va samaradorlikni oshirish, bo`lim xodimlari ishlarini avtomatlashtirish uchun 2019 yilning ikkinchi yarmida qo`shimcha 10 dona kompyuter jamlanmasi sotib olingan. Hozirgi kunda xalq ta`limi bo`limida barcha metodistlar va bo`lim boshliqlari kompyuter texnikalari bilan to`liq ta`minlangan, barchasi ishchi holatda bo`lib, ulardan to`liq va samarali foydalanilmoqda.
Viloyat xalq ta`limi boshqarmasi boshlig`i bu masalani o`z nazoratiga olgan.






