AsosiyJinoyat

Bir oilaning besh a`zosini o`ldirganlarga hukm o`qildi

'Bir oilaning besh a`zosini o`ldirganlarga hukm o`qildi'ning rasmi

MA`LUM BO`LIShIChA, JINOIY TO`DA BOShI MARHUMNING QO`ShNISI BO`LGAN...

“Darakchi” gazetasining 2019 yildagi 22-sonida Samarqandda bir oilaning besh a`zosini vahshiylarcha o`ldirib ketilgani va bu qilmishda gumonlanayotgan shaxslar ushlangani haqida xabar qilingandi. Mazkur jinoyat ishi JIB Samarqand viloyat sudining binosida Oliy sud jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atining ochiq sud majlisida ko`rildi...

Jinoiy to`da boshi bo`lgan 38 yoshli ishsiz sudlanuvchi ijtimoiy foydali mehnat bilan shug`ullanmagan. Uzum etishtirib, mayiz tayyorlab sotish bilan shug`ullanadigan 50 yoshli qo`shnisining uyiga g`ayriqonuniy ravishda kirib, bosqinchilik bilan hujum qilib, barcha oila a`zolarini qasddan o`ldirib, pullarni qo`lga kiritish rejasini tuzgan.

U jinoiy rejasini tanishlari: 26, 24 va 23 yoshli ishsiz sudlanuvchilarga aytadi. Ularni ushbu jinoyatga jalb qilib, “vazifalar”ni o`zaro taqsimlab olishadi.

Qo`shnisi va uning oila a`zolari uxlaganiga ishonch hosil qilishgach, 14 maydan 15 mayga o`tar kechasi oila a`zolari uxlab yotgan joylarni aniqlab, hovlida bir kishilik karavotda uxlayotgan voyaga etmagan bolaning yoniga ikki nafar sudlanuvchi, so`rida uxlayotgan 45 yoshli ayolning yoniga 38 yoshli sudlanuvchi, voyaga etmagan yana bir bolaning yoniga 24 yoshli sudlanuvchi borishadi. Ular uyg`onib qarshilik ko`rsatmasliklari uchun kelishuvga binoan bir vaqtda qo`llaridagi temir bo`laklar bilan jabrlanuvchilarning yuz va bosh qismlariga bir necha marotaba urishadi. Zarb shovqinidan uyg`onib, ular tomon kelmoqchi bo`lgan oila boshlig`ining ko`z o`ngida ularni o`ta shafqatsizlik bilan o`ldirishgan.

Oila boshlig`i qarshilik ko`rsatmoqchi bo`lganida ikki sherik zudlik bilan etib kelib qo`llaridagi temir bo`laklar bilan uni ham qasddan o`ldirishgan.

Er-xotin va ikki voyaga etmagan o`g`ilning o`lganiga ishonch hosil qilishgach, pul va boshqa qimmatbaho buyumlarni qo`lga kiritish uchun xonalarni tintishadi. Yotoqxonadagi sandiq qulfini buzib, 22.000.000 so`m va 100 dollarni (1 AQShdollari 8.458 so`m 16 tiyin) olishadi. Saqlash uchun 26 yoshli sudlanuvchiga berishgan. Yotoqxonani tintish uchun kirishganida, erda uxlab yotgan 21 yoshli katta o`g`ilni ko`rib qolishadi. Jinoiy to`da boshi bilan 23 yoshli sherik uni ham temir bo`laklar bilan urib o`ldirgan. Uning 600.000 so`mlik telefon apparatini olishgan.

To`rt sherik jinoyatlarini yashirish maqsadida jasadlarni ko`rpachalarga o`rab, hovlida turgan “Damas”ga joylashadi va Qo`shrabot tumani, “Do`stlik” MFY, Bog`ichag`atoy qishlog`i, “Oltin Maydon” fermer xo`jaligidagi adirga mashinani tashlab ketishgan. Shu hududdagi buloqda marhumlardan qolgan qon izlarini yuvib, jinoyat sodir etish qurollarini buloqqa tashlab, qon dog`lari bilan ifloslangan kiyimlarni yo`q qilish uchun 23 yoshli sudlanuvchiga berishgan. Qo`lga kiritilgan mablag`ni o`zaroteng taqsimlab olishgan.

TO`DABOShI AYBIGA QISMAN IQROR BO`LGAN...

Marhum va uning oila a`zolari bilan qo`shni bo`lgan sudlanuvchi — jinoiy to`da rahbari sudda aybiga qisman iqrorlik bildirgan. Juda ko`p bor ular bilan tomorqani sug`orish uchun suv talashganini aytgan sudlanuvchi 2012 yildan beri munosabatlari buzilganligini ma`lum qilgan. Jinoiy sheriklari bilan rejasi amalga oshgach, qo`shnisini o`ldirib mashinaga ortishganini tan olgan.

– Qo`shrabot tumanidagi adirga olibborib, mashina eshiklarini qulflab, mashinani pastlikka qarab itarib yubordik. O`zimiz piyoda orqaga qaytdik. Shu kuni uyga kelganimda, uydagilar uxlashayotgandi. Ularga bildirmay yotib uxladim. Shu kuni qo`shnimning jasadlar topilganini eshitdim. Qilmishimdan pushaymonman.

26 yoshli sudlanuvchi ham aybiga qisman, qolgan ikki nafar sudlanuvchi esa to`liq iqrorlik bildirgan. 

UMRBOD OZODLIKDAN MAHRUM QILISh JAZOSI TAYINLANDI

Erkin ERGAShEV, Oliy sud sudyasi: 

— Sudlanuvchilar JK 97-moddasi 2-qismining “a, v, j, i, p” bandlari, 164-moddasi 3-qismining “v, g” bandlari, 267-moddasi 2-qismining “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. JKning 59-moddasi tartibida, o`tash uchun uzil-kesil UMRBOD ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazo maxsus tartibli jazoni ijro etish koloniyasida o`tattirilishi belgilandi.

Sadoqat ALLABERGANOVA, jurnalist

    Boshqa yangiliklar