Kecha, 9 fevral kuni poytaxtimizda Xalqaro birdamlik musobaqasiga rasman start berilgan edi. Ushbu musobaqaning dastlabki kunidayoq hamyurtimiz Muattar Nabieva terma jamoamiz uchun ilk medal muallifiga aylandi. Toshkent shahri mezbonlik qilayotgan og`ir atletika bo`yicha Xalqaro birdamlik musobaqasining birinchi kun bellashuvlari o`z yakuniga etdi. E`tiborlisi, musobaqaning birinchi kun bellashuvidayoq terma jamoamiz o`zining dastlabki medaliga sazovor bo`ldi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ayollar o`rtasida -55 kilogramm vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Muattar Nabieva musobaqada 3 ta kumush medalni qo`lga kiritdi. Vakilamiz dast ko`tarishda 89 kg, siltab ko`tarishda esa 111 kilogramm natija qayd etdi. Har bir yo`nalishda Nabievadan 1 kilogrammdan yuqori ko`rsatkichga ega bo`lgan nigeriyalik atlet oltin medallarga egalik qildi.
-55 kg vaznda ayollar:
1. Adijat Olarinoye (Nigeriya) – 202 kg (90 kg + 112 kg)
2. Muattar Nabieva (O`zbekiston) – 200 kg (89 kg + 111)
3. Kristina Shermetova (Turkmaniston) – 195 kg (85 kg + 110 kg)
Shu tariqa vakilamiz Tokio Olimpiadasi yo`lida qimmatli reyting ochkolarini ham o`z hisobiga yozib qo`ydi.






