AsosiyJamiyat

"Snos" epidemiyasining ikkinchi to`lqini boshlanganligiga guvoh bo`layapman — Rasul Kusherbaev

'"Snos" epidemiyasining ikkinchi to`lqini boshlanganligiga guvoh bo`layapman — Rasul Kusherbaev'ning rasmi

Ma`lumki taniqli deputat Rasul Kusherbaev fuqarolarning qator muammolari bo`yicha va noto`g`ri chiqarilgan qarorlarga nisbatan munosabati bilan doimiy chiqishlar qilib boradi. Xususan, deputat tomonidan eng ko`p tanqid ostiga olingan masalalardan biri — bu “snos” ishlari hisoblanadi. Ayni paytda ushbu harakatlarni epidemiyaga qiyoslagan xalq vakili, kuni kecha mazkur epidemiyaning ikkinchi bosqichi boshlanganiga sha`ma qildi: 

“Oxirgi vaqtlarda bo`layotgan ishlarni ko`rib, odamlarni norozi qilgan "snos" epidemiyasining ikkinchi to`lqini boshlanganligiga guvoh bo`layapman. 

Afsuski, bu safar yillab fuqarolarning peshona teri bilan pul topib, qurgan uylarini buzdirish "aksiyasi" da faqat hokimlar emas, ular bilan birga aslida va idealda fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga mas`ul va vakolatli idoralar vakillari ham turib, fuqarolarga qarshi zo`ravonlik olib borayotgani odamni juda hafa qiladi. Himoya qiladiganlarning o`zidan himoya kerak bo`lsa, dodingni kimga aytasan. 

Ayniqsa, Toshkent va Surxondaryo viloyatlaridan kelayotgan murojaatlar o`tgan yilgi hunuk va Prezidentni xafa qilgan voqealarning qayta boshlanishiga sabab bo`ladi, degan havotir paydo qilmoqda. Rasmiy davlat OAV, xususan "O`zbekiston 24" kanali esa masalaning tubiga etmay, vaziyatni xolis o`rganmay turib, bir tomonlama fuqarolarni aybdor qilib ko`rsatmoqda. Go`yoki prokuratura va hokimliklar haq-u, fuqarolar nohaq deganday. Umid qilamanki bu buyurtma emas. Tag`in kim biladi...

Aslida bunday uylarning qurilishiga o`z vaqtida mas`ullar ruxsat bermasa davlat eridan o`zboshimcha uy-joyni qurib olishga kimning jur`ati etadi. Bizni fuqarolar qonunlardan qo`rqadi, davlat bilan o`ynashmaydi. 

Ko`rinib turganidek, bu yana mas`ullarning navbatdagi "ochko" olish bahsi, kimlardir orden va medal olgisi kelgani aniq. Bu ularga ham, noxolis OAV uchun ham uyat. 

Ayrim zo`ravon mas`ullarning o`quvsiz, bilimsiz va qonunlardan bexabarligini inobatga olib, ularga Oliy Majlis qabul qilgan va Prezident qo`l qo`yib amalda bo`lgan "Ma`muriy tartib-taomillar to`g`risida"gi qonunni o`qishlarini tavsiya qilgan bo`lar edim. Zora hech bo`lmasa shu qonunni hurmat qilib, fuqarolar bilan munosabat qilishga o`tilsa. 

So`nggida zo`ravon mas`ullarga odamlarni qiynab medal olgisi kelmasdan agar adolatli bo`lishsa xalq medaldan ham  ortig`ini berishi, bu oliy ne`mat ishonch va hurmat ekanligini eslatmoqchiman. O`ylab ko`ring vakolatli  " "zo`ravonlar"! 

Gap egasini topadi...”, deya yakunlangan aniq manzilga atalgan munosabat. 

Eslatib o`tamiz, avvalroq, Yangiyo`l tumanida ayrim uylar nega buzilayotgani bo`yicha Bosh prokuratura izoh bergan edi. 

    Boshqa yangiliklar