AsosiyJinoyat

Qariyb 3 milliard so`m mablag`larni o`zlashtirgan korxonasi mansabdorlariga jinoyat ishi qo`zg`atildi (video)

'Qariyb 3 milliard so`m mablag`larni o`zlashtirgan korxonasi mansabdorlariga jinoyat ishi qo`zg`atildi (video)'ning rasmi

IIV huzuridagi Tergov departamenti  «Avto rental» korxonasi mansabdor shaxslariga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishi tafsilotlari haqda xabar berdi. Barcha ma`lumotlarni Tergov departamenti katta tergovchisi Farhod Ergashev ma`lum qildi.

— "Avto rental» nomi ostida faoliyat yuritgan korxona qulay shartlarda, hech qanday foizlarsiz, 40 oy davomida bo`lib to`lash sharti bilan engil avtomobillar etkazib berishni taklif qilib, 700 ga yaqin fuqarolarning ishonchiga kirgan va umumiy hisobda qariyb 3 milliard so`m mablag`larni o`zlashtirib olgan.  

Korxona o`zini targ`ibot ishlarida avtomobillarni foizsiz va oyma-oy bo`lib to`lash yo`li bilan taqdim etayotgan O`zbekistondagi yagona kompaniya deb e`tirof etgan. Narxi 100 mln so`mgacha bo`lgan transport vositalari uchun 4 mln so`m, 100 milliondan ortiq bo`lgan transport vositalari uchun 5 mln so`m va 200 milliondan ortiq bo`lgan transport vositalari uchun 12 mln so`mdan pul olib, avtomobillarni 3 oydan 7 oygacha bo`lgan vaqt mobaynida etkazib berishi aytilgan. Firma o`zining qisqa vaqt davomidagi faoliyatida yuzlab odamlarni aldashga va o`zgalarning milliardlab mablag`larini o`zlashtirishga ulgurgan.

Firmaning jinoiy faoliyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan fosh etilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti «Avto rental» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishining dastlabki tergoviga oid tafsilotlarni ma`lum qildi.

Jinoyat ishi yuzasidan hozirga kelib jami 3 kishiga ayblov e`lon qilingan. Jamiyat fuqarolar bilan 695 ta shartnoma imzolagan, ammo shartnoma shunday rasmiylashtirilganki, unda aynan qaysi turdagi transport vositasi etkazib berish ham ko`rsatilmagan. Jamiyat fuqarolardan olgan pul mablag`larining umumiy qiymati 2,8 milliard so`m bo`lib, shundan faqat 1,9 milliard so`mini bank hisob raqamiga kirim qilgan, qolgan pul naqd shaklda qabul qilinib, korxona mutasaddilarining shaxsiy manfaatlari yo`lida sarflangan.

O`z navbatida, bank hisob raqamiga kirim qilingan 1,9 mlrd so`m pul mablag`lari ham shartnoma shartiga ko`ra fuqarolarga transport vositasi olib berishga sarflanmasdan, o`zlarining ta`sischiligida bo`lgan, ammo boshqa xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning hisob raqamlariga turli xil maqsadlarda chiqarib yuborilgan. Korxona 695 nafar fuqaro bilan shartnoma tuzgan bo`lsa-da, hech qaysi birining oldidagi majburiyatni bajarmagan. Barcha pul mablag`lari jamiyat rahbarlari va mansabdor shaxslari tomonidan o`zlashtirib olingan. Shu sababli, jamiyat rahbari va ta`sischisiga nisbatan qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan va yana bir ta`sischiga nisbatan qidiruv e`lon qilinib, qamoq ehtiyot chorasi tanlangan», - deydi Tergov departamenti katta tergovchisi Farhod Ergashev.

Dastlabki tergov tafsilotlarida aytilishicha, «Avto rental» MChJning bosh ofisi Toshkent shahrida joylashgan bo`lib, yagona filiali Andijon viloyatida bo`lgan, lekin korxona jabrlanuvchilari respublikaning deyarli barcha hududlarida bor.

Jamiyatni tuzishda ishtirok etgan, ya`ni jinoyatga bosh bo`lgan shaxs barchaga rollarni bo`lib bergan, ya`ni biri hisobchi, biri ish boshqaruvchi, yana boshqasi moliyaviy tomonga javobgar bo`lgan. Shunga qaramay, korxonada jinoiy harakatlardan bexabar ishchilar ham bo`lgan. Shu sababdan faqatgina korxona mansabdor shaxslari javobgarlikka tortilgan.

Jinoyat yuzasidan fuqarolarga etkazilgan zararni undirish maqsadida jamiyatning hisob raqamida bo`lgan qoldiq summa, ya`ni 390 mln so`m Tergov departamentining depozit hisob raqamiga o`tkazilgan. Shuningdek, korxona rahbariga tegishli bo`lgan Mercedes benz rusumli transport vositasi 400 mln so`mga baholangan va olib qo`yilgan.

Shu tariqa, hozirgi kunda korxona jabrlanuvchilariga etkazilgan 2,8 mlrd so`m zararning 790 mln so`mi undirilgan. Tergovchiga ko`ra, undirib olingan mablag`lar faqat sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilangina jabrlanuvchilarga qaytarib berilishi mumkin. 

Mazkur jinoyat ishi bo`yicha dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.  

    Boshqa yangiliklar