7 fevral kuni Nur-Sulton shahrida bo`lib o`tgan Qozog`iston musulmonlari diniy boshqarmasining navbatdan tashqari ІX qurultoyida Qozog`istonning Bosh muftiyi saylandi.
Yig`ilishda Serikbay xoji Oraz QMDB raisi, Bosh muftiy lavozimiga Naurizbay xoji Tag`ano`g`li nomzodini taklif qildi. QMDB matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, qurultoyga yig`ilgan 300 delegat Serikbay xoji Oraz taklif qilgan nomzodni bir ovozdan ma`qulladilar va Naurizbay xoji Tag`ano`g`lini Bosh muftiy etib sayladilar.
«Naurizbay xoji Tag`ano`g`li mening birinchi o`rinbosarim sifatida ko`plab ezgu loyihalarni amalga oshirdi. Diniy sohada tajribasi mo`l. U Diniy boshqarma ishini jonlantirib, yangi tashabbuslar ko`tarib chiqadi deb ishonch bilan ayta olaman», – dedi Serikbay xoji Oraz.
Qurultoyda ishtirok etgan QR Axborot va jamiyatni rivojlantirish vaziri Dauren Abaev Serikbay xoji Orazning 2017-2020 yillarda amalga oshirgan ishlariga ijobiy baho berib, QMDB raisi, Bosh muftiy Naurizbay xoji Tag`ano`g`liga yangi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Naurizbay xoji Tag`ano`g`li bungacha QMDB raisining birinchi o`rinbosari, «Hazrat Sulton» masjidi Bosh imomi bo`lib keldi.
U 1977 yil 13 martda tavallud topgan. Toshkentdagi «Imom al-Buxoriy» nomidagi Islom institutini, QMDB huzuridagi Islom institutini, Abay nomidagi Almati davlat universiteti magistraturasini, «Nur-Muborak» Misr islom madaniyati universitetining PhD doktoranturasini tamomlagan. Misr Arab Respublikasida malaka oshirgan.






