AsosiyDunyo

Tramp: AQSh «Al-Qoida»ning Arabiston yarimorolidagi etakchisini o`ldirdi

'Tramp: AQSh «Al-Qoida»ning Arabiston yarimorolidagi etakchisini o`ldirdi'ning rasmi

«Al-Qoida» terrorchilik tashkilotining Arabiston yarimorolidagi guruhi (AQAP) etakchisi Qosim ar-Rimiy AQSh harbiylari Yamanda o`tkazgan aksilterror amaliyot natijasida o`ldirilgan. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp ma`lum qildi.

«Ar-Rimiy boshchilik qilgan davrda AQAP Yamandagi tinch aholiga qarshi qonli terrorchilik harakatlari uyushtirilgan, shuningdek, u bir necha bor amerikalik harbiylarga hujum uyushtirishga uringan. Uning o`limi guruhni va «Al-Qoida»ni yanada kuchsizlantiradi. Bu esa bizning milliy xavfsizligimizga bo`lgan jiddiy tahdid bartaraf etilishi demakdir», degan prezident. U amaliyot qachon o`tkazilganini aniq aytmagan.

CNN telekanali ma`lumotiga ko`ra, AQSh harbiylarining uchuvchisiz uchar qurilmasi 31 yanvar kuni Marib shahri yaqinida jangarilar pozisiyasiga zarba bergan. Qosim ar-Rimiy bilan uning o`rinbosari Ayman az-Zavahiriy ham o`ldirilgan.

Qosim ar-Rimiy «Al-Qoida»ga 1990-yillarda qo`shilgan. AQSh AQAP guruhini «Al-Qoida»ning eng xavfli tarmog`i deb hisoblar edi.

Bundan avvalroq «Al-Qoida» Floridadagi harbiy bazaga uyushtirilgan hujum bo`yicha mas`uliyatni o`z zimmasiga olgandi. Ko`ngilsiz hodisa 2019 yilning dekabrida sodir bo`lgan: saudiyalik harbiylar dengizchilarga qarata o`t ochgan, uch kishi halok bo`lgan, yana sakkiz kishi jarohat olgan edi.

    Boshqa yangiliklar