Yaponiyaning Yokogama shahri yaqinida karantinga tushgan "Diamond Princess" kruiz kemasida koronavirusni yuqtirganlar soni 61 nafarga etgani aytilmoqda. Bu haqda Yaponiya sog`liqni saqlash vazirligi rahbarining bayonotiga tayanib, Gazeta.ru xabar berdi.
Kema bortida kuni kecha 20 ta odamda virus aniqlangan edi. Ularga yana virus aniqlangan 41 nafar fuqaro qo`shildi. Ular orasida 21 yaponiyalik, 8 nafar amerikalik, 5 nafar avstraliyalik va 5 nafar kanadalik, bitta argentinalik va bitta britaniyalik fuqaro bor. Asosan kemadagi keksa yoshli yapon fuqarolari zararlangani qayd etilmoqda.
Kema bortida jami 2666 yo`lovchi va 1045 ekipaj a`zosi bor. Laynerdagi karantin 20 fevralgacha davom etishi mumkin.






