Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga ko`ra, tibbiyot niqobi (maska) etishmasligi va deyarli barcha dorixonalarda narxining oshgani aholini tashvishga solmoqda ekan.
Shuni ma`lum qilamizki, yurtimizda 15 ta tibbiy yuz niqobi ishlab chiqaradigan korxona mavjud.
Ushbu korxonalar hozirgi kunda to`liq quvvat bilan ishlab turibdi. Ammo maskaga bo`lgan ehtiyoj yuqori bo`lgani va buyurtmalarning ko`pligi sabab, dorixonalarda aynan shu mahsulotning narxi oshgani kuzatilgan. Yana bir boshqa sabablardan – biri vaziyatdan foydalanib qolayotgan nafsi o`pqon kimsalarning tibbiy buyumlarning oshirilgan narxlarda sotayotganligidir.
Agar siz yuz niqoblarini belgilangan narxlardan yuqori narxlarda sotilayotganiga guvoh bo`lsangiz, O`zbekiston iste`molchilari huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federasiyasiga murojaat qilishingiz mumkin.
O`zbekiston iste`molchilari huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federasiyasi o`zining rasmiy saytida mazkur holat bo`yicha o`z munosabatini bildirib, dori vositalari va tibbiy buyumlar narxini asossiz ravishda oshirgan dorixonalarning farmasevtika faoliyati to`xtatilishi borasida rasman ogohlantirish e`lon qildi.
Shu o`rinda farmasevtika sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlardan dori vositalari va tibbiy buyumlarga narx belgilash tartibiga, lisenziya talablari va shartlariga qat`iy rioya qilishlarini so`rab qolamiz.






