AsosiyJinoyat

Toshkentda to`pponcha sotmoqchi bo`lgan guruh qo`lga olindi

'Toshkentda to`pponcha sotmoqchi bo`lgan guruh qo`lga olindi'ning rasmi

Bir necha shaxslardan iborat va oldindan til biriktirgan jinoiy guruh «Stechkin» rusumli, 9 mm kalibrli pistoletni 1500 AQSh dollariga sotmoqchi bo`lgan vaqtida IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan qo`lga olindi. Bu haqda IIV Axborot xizmati xabar qildi.

IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi ma`lumotiga ko`ra, voqea 29 yanvar kuni Toshkent shahrida sodir bo`lgan. O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining birinchi o`rinbosari, polkovnik A.Tashpulatov tomonidan berilgan topshiriqqa asosan, jinoyatchilar "Stechkin" avtomatik pistoletini sotmoqchi bo`lishganda qo`lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan jinoiy guruhning 4 nafar a`zosiga nisbatan Jinoyat kodeksining 248-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi ma`lumotiga ko`ra, 2019 yil davomida o`qotar qurol, o`q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalari bilan qonunga xilof ravishda muomalasi bilan shug`ullanuvchi shaxslarni aniqlash borasida olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 118 ta jinoiy holatlar aniqlangan.

Qayd etilishicha, 16 ta jinoiy holat kontrabanda yo`li bilan amalga oshirilgan. Aniqlangan 118 ta jinoiy holat bo`yicha 127 nafar (shundan 5 nafari chet el fuqarolari) shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslardan 114 dona qurollar: 2 dona pistolet, 2 dona qo`lbola usulda yasalgan qurol va 110 dona ov qurollari, 1340 dona o`q-dorilar, 1 dona trotil shashka va 2 dona granatalar, 46 kg.dan ziyod portlovchi moddalar hamda 1 dona qo`lbola usulda yasalgan portlovchi qurilmalar ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Bundan tashqari, aholi o`rtasida qurol, o`q-dorilar portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini o`z ixtiyori bilan topshirgan shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi yuzasidan olib borilgan profilaktik tushuntirish ishlari natijasida birgina 2019 yil davomida 114 nafar fuqarolardan 771 dona qurol-yarog`lar (shundan 8 dona pistolet, 109 dona boshqa turdagi qurol-yarog`lar, 654 dona ov qurollari, 3705 dona patronlar, 5 dona granata, 1326 gramm portlovchi moddalar) ixtiyoriy ravishda topshirildi.

Bu shaxslarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikdan ozod etish to`g`risida qarorlar qabul qilingan.

    Boshqa yangiliklar