AsosiyDunyo

“Hujjatsizmisiz, bu mamlakatda sizga joy yo`q”​ yoxud impichment amalga oshmadi – Donald Tramp oqlandi

'“Hujjatsizmisiz, bu mamlakatda sizga joy yo`q”​ yoxud impichment amalga oshmadi – Donald Tramp oqlandi'ning rasmi

AQSh Prezidenti Donald Trampning 4 fevral kuni Kongressga va u orqali xalqqa Murojaati hamda 5 fevral kuni unga qo`yilgan ayblovlarning Senatdagi ovoz berishda barbod bo`lgani ekspertlar tomonidan qizg`in muhokama qilinmoqda.

Har ikkala siyosiy jarayon ham Tramp reytingini oshirishga xizmat qildi. So`zni impichment bilan bog`liq mavzudan boshlasak. Senatdagi ko`pchilik respublikachi vakillar impichment jarayonini 4 fevralga qadar yakunlashga qaror qilgandi, negaki, bu holatda Tramp oliy qonun chiqaruvchi organga murojaatini barcha ayblovlar yuzasidan oqlangan g`olib sifatida o`qib eshittirgan bo`lardi. Reja amalga oshmadi. Biroq baribir 5 fevral kuni Senatda o`tkazilgan yakuniy ovoz berishda amaldagi prezidentni hokimiyatdan chetlatishga qaratilgan AQSh tarixidagi uchinchi jarayon barbod bo`ldi.

Respublikachilar nazoratidagi Senat raqiblari – demokratlar ilgari surgan ayblovlarni rad etdi. 48 nafar senator Trampni hokimiyatni suiiste`mol qilishda aybdor, deb topish uchun ovoz berdi. 52 senator AQSh Prezidentini aybsiz deb tan oldi.

Impichment amalga oshishi uchun Trampning raqiblari Senatdagi ovozlarning uchdan ikki qismini to`plashi kerak edi. Impichment uchun ushbu modda bo`yicha barcha demokratlar va bir nafar respublikachi ovoz berdi.

Ikkinchi, kongress ishiga to`sqinlik qilish ayblovi bo`yicha 47 nafar senator Trampni aybdor, deb topdi, 53 nafar sentor qarshi chiqdi. Birinchi va ikkinchi ovoz berishdagi farq sababi shundaki, respublikachi senator Mitt Romni birinchi modda bo`yicha impichment uchun, ikkinchisi ish yuzasidan qarshi ovoz berdi.

O`tgan yilning sentyabrida boshlangan impichment jarayoni barbod bo`lishi mumkinligi haqida demokratlar liderlarini senatdagi eshituvlar boshlanmasidan ilgari aksariyat siyosatchilar ogohlantirishgan edi.

Kongress spikeri Nensi Pelosi xonim ham bu xavotirlarga qo`shilgan va hatto so`nggi uch yildan beri Trampga qarshi impichment tashabbusidan voz kechishga partiyadoshlarini chorlab kelayotgandi. Stoni Bruk universiteti professori, politolog Jonatan Sanders impichment jarayonidagi g`alaba Trampga shu kungacha tanlov qila olmayotgan saylovchilarning yangi ovozini keltiradi, deb hisoblaydi.

Endi bevosita Murojaatga to`xtalsak. Senatdagi impichment borasida hal qiluvchi ovoz berish oldidan Donald Tramp Kongressga ushbu prezidentlik muddati davridagi so`ngi murojaatini yo`lladi. O`z nutqida davlat rahbari mamlakatdagi voqealar jarayoni uning qayta saylanish imkoniyatini oshirishiga urg`u qaratdi. Bu borada Tramp haqligiga shubha qilmasa ham bo`ladi.

Haqiqatda AQSh keyingi uch yilda iqtisodiyotda katta yutuqlarga erishdi. Aytish joizki, bungacha tarixda impichmentga uchragan faqat ikki prezident xalqqa yillik murojaatini yo`llagan. Richard Nikson va Bill Klinton. Tramp uchinchi shunday prezident bo`ldi.

IShLAR SARHISOBI​

Davlat rahbarlari Kongressning har ikki palatasi qonunchilari oldida o`tgan bir yilda qilingan ishlarni sarhisob qiladi, kelajak rejalari va vazifalarini bayon qiladi. Bill Klinton 1999-yilda xalqqa yillik murojaat qilganida Tramp kabi lavozimidan ketish xavfi bilan yuzlashgan edi.

Amerikaning 42-prezidenti o`z nutqida impichmentni tilga olmagan edi. Richard Nikson esa 1974 yilda murojaatining bir qismini o`zini himoya qilishga qaratdi. “Bu va boshqa tergovlarga chek qo`yish vaqti keldi. “Uotergeyt” bir yilga cho`zildi. Etar!” degan edi 36-prezident.

Oq uydagi rahbarning yil boshida mamlakatdagi vaziyat haqida o`z hisobotini berishi — azaliy siyosiy an`ana. Odatda bu nutq bir soatcha davom etadi va unda birinchi o`rinda ijtimoiy-iqtisodiy ahvol turadi. O`z mamlakatining iqtisodiyoti Amerika saylovchilarini o`ylantiradigan bosh mavzu bo`lib kelgan. Har qanday tashqi siyosiy muvaffaqiyat va omadsizlik ular uchun ikkinchi darajali mavzu hisoblanadi.

Agar iqtisodiyotda yutuqqa erishilsa, u holda prezident qayta saylanishga umid qilsa bo`ladi. Shu nuqtai nazardan, Donald Tramp navbatdagi yillik nutqi davomida mamlakat iqtisodida o`z etakchiligi ostida erishgan yutuqlarga urg`u berdi.

Tramp uning rahbarligida mamlakat “qayta oyoqqa turganini” iddao qildi: — Ish o`rinlari soni oshmoqda, maoshlar ko`tarilmoqda, qashshoqlik ozaymoqda, jinoyatchilik ozaymoqda, ishonch oshmoqda, mamlakatimiz esa gullab-yashnab, unga bo`lgan hurmat kuchaymoqda, — dedi prezident o`z nutqi davomida.

Shu erda biroz lirik chekinish qilsak. Prezident murojaati davomidagi ikkita ramziy voqea tomoshabinlarni hayratda qoldirdi. Tribunaga ko`tarilar ekan, Tramp namoyishkorona tarzda Vakillar palatasi spikeri, demokrat Nensi Pelosi xonimga qo`l uzatmadi, bunga javoban spiker prezident nutqi tugar tugamas, ochiqchasiga davlat rahbari nutqini bo`lib qo`ydi.

“Qo`shma Shtatlar bugun har doimgidan ham farovon va xavfsiz“, dedi Tramp, ma`ruzani boshlar ekan. Uning tasvirlashicha, Amerika iqtisodiyoti hozirda kun sayin kuchayib bormoqda va buni mehnatkashlarning hayoti yaxshilanayotganidan bilish mumkin. O`tgan uch yilda 7 million ish o`rni ochilgan.

Amerikaning chetga chiqib ketgan tadbirkorlari vatanga qayta boshlagan. Oldin yopilgan ko`mir va boshqa an`anaviy yonilg`i turlarini ishlab chiqaruvchi inshootlar qayta ochilmoqda. Mamlakat energetik jihatdan endi mustaqil. Aytish joizki, Prezident Tramp davrida mamlakatda 12 ming yangi fabrika va zavod ochildi. Ishsizlik o`tgan yarim asrdan beri eng past nuqtada, 3-4 foiz orasida. Prezident Trampning ayni damdagi reytingi, so`nggi ommaviy so`rovlarga ko`ra, 49 foiz.

"Amerika bugun barcha yirik hamkorlari bilan yangi savdo bitimlari imzolamoqda yoki buning uchun harakat qilmoqda", deydi Tramp. Xususan Kanada va Meksika bilan bugun tijorat boshqacha, “adolatli“.

Murojaatda tilga olinganidek, mehnatkashlarning oilalariga g`amxo`rlik qilish, sog`liqni saqlashdan tortib, ta`limgacha, yangi imkoniyatlar yaratish bilan davlat har bir xonadonning hayotini osonlashtirish harakatida.

“Farzand ko`rganlar ta`tilga chiqa olsin. Bolalarni katta qilishda hukumat oilalarga yordam bersin. Bog`cha va maktab topish engillashsin. Ishchi ota-ona bolasini deb tirikchiligidan voz kechmasin”, deydi prezident.

Trampga ko`ra, Amerikada sog`liqni saqlash tizimi islohoti ham oldinga siljidi. Undan oldingi prezident Barak Obama davrida joriy qilingan talab, ya`ni har bir amerikalik tibbiy sug`urtaga ega bo`lishi kerak, deya qabul qilingan qaror chetga uloqtirilgan.

Oq uyning maqsadi tibbiy xizmatlarni arzonlashtirish, lekin ularning sifati pasaymasligini ta`minlash. Dori-darmon narxini ham tushirish kerak, deydi Tramp, shuningdek, amerikaliklarga tibbiy sug`urta va shifokor tanlashda ko`proq variantlar taklif qilish ko`zda tutilgan.

IMMIGRASIYa TIZIMI ISLOHOTI DAVOM ETADI

Prezidentning ta`kidlashicha, hukumat noqonuniy muhojirlar biror shahar yoki qishloqni egallab olishiga yo`l qo`ymaydi, ya`ni hujjatsiz immigrantlar katta sonlarda bir joyga to`planib olishiga toqat yo`q. Amerika sarhadiga chegarani buzib kirganlar jazolanadi yoki chiqarib yuboriladi.

“Hujjatsizmisiz, bu mamlakatda sizga joy yo`q”, deya eslatdi Tramp. Har bir insonning o`z yo`li, o`z muammosi bor; masala individual tarzda ko`rib chiqilishi, AQSh hukumati insonparvarlik me`yorlaridan chetga chiqmasligi kerak, degan tanqidlarga Trampning javobi shuki, hukumat bu borada qat`iy bo`lmasa, 12 millionga yaqin noqonuniy muhojirlar soni oshaveradi.

Meksika bilan chegarada baland va kuchli devor qurilmoqda. Kelgindilarga Amerikada boshpana ham, tibbiy yordam ham yo`q, deydi prezident. Soliq to`lovchining puli mamlakat qonunlariga xilof ravishda yurganlarga sarflanmaydi.

Tashqi siyosat bobida gapirar ekan, Tramp Venesuelada Nikolas Maduro rahbariyatini tan olmasligini aytdi. 59 davlat bilan hamkorlikda uni hokimiyatdan olish uchun harakat ketmoqda.

"Maduro o`z xalqini ezayotgan, o`ldirayotgan odam", deydi prezident.

“Venesuelaning haqiqiy rahbari Xuan Guaydodir“, dedi Tramp uni Kongressga tanishtirar ekan. Bu paytda Guaydo qonunchilar qatorida o`tirgan edi.

Tramp AQSh “Islomiy davlat“ga qarshi g`alaba qilganini aytdi. “Radikal islomiy terrorizmga qarshi kurashaveramiz. “Islomiy davlat“ bugun yo`q. Uning rahbari Abu Bakr al-Bag`dodiyni ham o`ldirdik“.

Prezident Eron generali Qosim Sulaymoniy AQSh tomonidan o`ldirilganini terroristlarga kuchli signal deya ta`rifladi. “Terroristlar bilsinki, bizga hujum qilsangiz, adabingizni beramiz. O`zingizning joningizni olamiz“.

"Eron xalqi erkinlik istaydi", deydi Tramp. Amerika ularga yordam berishga tayyor, lekin o`zgarish qilishni ularning o`zi xohlashi kerak. Demokratiya yo`lidan borsa, Amerika ular tarafida", deydi prezident.

“Afg`onistondagi urushni tugatamiz. Bu tariximizdagi eng uzoq urush“. Bu urushda uzoq paytdan beri xizmat qilib yurgan amerikalik zobit Tramp nutqi paytida zalda o`tirgan oilasining oldiga kirib keldi. Oq uydan bu askarning rafiqasi va ikki farzandi uchun syurpriz. Prezident uni tanishtirar ekan, harbiyga rahmat aytdi va jang maydoniga boshqa qaytmasligini bildirdi.

Tramp bir narsani tan oladi: u boshqarayotgan davlat dunyoning barcha qismlarida o`z manfaatlariga ega va Vashington ularni himoya qilishi shart. Davlat xavfsizligini ta`minlash AQSh hukumatini ko`p hollarda qaynoq nuqtalardagi mojarolarga bosh suqishga majbur qiladi. Amerika dunyo tinchligi uchun o`z hissasini qo`shishda davom etadi, bunda asosiy maqsad — AQSh foydasi uchun ishlash.

"Vashington bilan chiqishmay kelayotgan Eron singari tuzumlar qilmishidan pushaymon bo`ladi, chunki Amerika bunga qodir", deydi Tramp.

O`tgan uch yilda AQSh harbiy salohiyatini ko`tarish uchun 2,2 trillion dollar sarflagan. Tramp davrida AQSh Fazo kuchlari tashkil etildi. Ular Amerikaning samodagi manfaatlarini himoya qiladi. Prezident o`zini tinchliksevar inson deb ataydi.

Shimoliy Koreya bilan til topishishga urinayotgani, qolaversa Afg`onistonda Tolibon bilan ham murosa yo`llarini izlayotganini misol sifatida keltiradi.

“Biroq bizning manfaatlarimizga tahdid solgan har qanday taraf er tishlaydi. AQSh do`stlari kim ekanini ham yaxshi biladi. Vashington ularni e`zozlaydi va ular bilan yaqindan ishlayveradi", deydi Tramp.​

Yaqin Sharqda tinchlikka erishish, ya`ni Isroil va Falastin orasidagi uzoq yillik mojaroga barham berish — Oq uy oldidagi buyuk vazifa. Biroq Falastin bu rejaga qarshi va Amerikani ishonchli vositachi deb bilmaydi. “Maqsad tinchlik bo`lsa, arablar biz bilan bir davrada o`tirishga majbur“, deydi Tramp.

Xullas, Murojaatda Prezident Tramp noyabrda qayta saylanish uchun kerak bo`lgan barcha fakt va raqamlarni tilga oldi.

“Shubhasiz, iqtisodiyot gurkiramoqda, afro-amerikalik va ispan tili aholi orasida ishsizlik har qachongidan kam”, deydi Vashingtondagi Xeritij jamg`armasidan Xans fon Spakovskiy. Prezident Tramp ham o`ziga har qachongidan ko`ra ishongan.

“Kelayotgan noyabr oyida Vakillar palatasini qo`lga kiritamiz, Senatni ushlab qolamiz, Oq uy ham bizda qoladi”, degan edi Tramp so`nggi saylovoldi namoyishlarining birida.

IMPIChMENT AMALGA OShMADI – DONALD TRAMP OQLANDI

AQSh Senati Prezident Donald Trampni impichment bo`yicha to`la oqladi.

Shunday qilib Oq uy rahbari sud qilinmaydi va hokimiyatdan ham chetlashtirilmaydigan bo`ldi.

Kongressmenlar Trampga nisbatan mansab vakolatini oshirganligi va kongress ishiga to`sqinlik qilganligi bo`yicha ayblovni asossiz deb topishdi. Shu bilan anchadan buyon amerika jamoatchiligi e`tiborini o`ziga qaratib kelayotgan impichment jarayoni nihoyasiga etdi.

2019 yilda vakillar palatasi tomonidan faqat deputat demokratlarning ovozi bilan Trampga impichment jarayonini boshlash ilgari surilgan edi.

Tramp AQSh tarixida impichment e`lon qilingan uchinchi prezident bo`ldi.
 

    Boshqa yangiliklar