“Muddatli harbiy xizmatni o`tayotgan harbiy xizmatchilarga O`zbekiston Respublikasi oliy ta`lim muassasalariga o`qishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi. Bu haqda Huquqiy axborot xabar bermoqda.
Nizomga muvofiq, tavsiyanomalar muddatli harbiy xizmatni o`tab bo`lgan, jangovar va ma`naviy-ma`rifiy tayyorgarlik bo`yicha yuksak natijalarga erishgan, zaruriy bilim saviyasiga ega, namunali harbiy intizomini namoyon etgan eng munosib harbiy xizmatchilarga beriladi.
✅ Tavsiyanomaga ega bo`lgan fuqarolar quyidagilarga:
👉 respublikaning oliy harbiy ta`lim muassasalaridagi tegishli ta`lim yo`nalishlariga o`qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko`ra o`zlari to`plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo`shimcha ball shaklidagi imtiyozga;
👉 respublikaning OTMlari (oliy harbiy ta`lim muassasalari bundan mustasno) bakalavriatiga o`qishga kirish uchun OTMlarga qabul parametrlaridan tashqari ajratiladigan alohida qabul ko`rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo`ladilar.
Tavsiyanomalar berishga tegishli o`quv fanlarini yaxshi o`zlashtirib borish, harbiy xizmat davomida olingan rag`batlantirish hamda xizmat yakunidagi test sinovida to`plangan ballar asos bo`ladi.
Ilgari tavsiyanoma berishda harbiy xizmatchining kundalik xizmat faoliyati, qorovulda, sutkalik naryadlarda xizmatni o`tashi, topshirilgan maxsus majburiyatlarni bajarishi ham inobatga olinar edi.
Tavsiyanoma, qoida tariqasida, muddatli harbiy xizmatchilarning 40 foiziga beriladi va ular berilgan sanadan boshlab 3 yil mobaynida amal qiladi.






