AsosiyJamiyat

Mol-mulk va er solig`iga qanday o`zgarishlar kiritildi?

'Mol-mulk va er solig`iga qanday o`zgarishlar kiritildi?'ning rasmi

Yangi tahrirda qabul qilingan Soliq kodeksi bilan jismoniy shaxslardan undiriladigan mol-mulk va er soliqlari bo`yicha o`zgarishlar amaliyotga kiritildi.

Jumladan, eski tahrirdagi Soliq kodeksiga asosan mamlakatimiz hududida joylashgan uy-joylar, kvartiralar, dala hovli imoratlari, garajlar va boshqa imoratlar, joylar, inshootlar soliq solish ob`ekti sanalgan. Endilikda ular safiga tadbirkorlik faoliyati va (yoki) daromad olish uchun mo`ljallangan yashash uchun mo`ljallanmagan ko`chmas mulk ob`ektlari, qurilishi tugallanmagan yashash uchun mo`ljallanmagan ob`ektlar kiritildi. Bu haqda Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi xodimi Jamshid Narziqulov Zarnews ga ma`lumot berdi.

Yangi tartibga muvofiq, soliqni hisoblab chiqarish maqsadida soliq bazasi 42 million so`mdan kam bo`lishi mumkin emasligi belgilab qo`yildi. Soliq imtiyozlari bo`yicha ham o`zgarish kiritilganini ta`kidlash lozim. Xususan, endilikda energiya resurslarining amaldagi tarmoqlaridan to`liq uzib qo`yilgan turar joylarda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar qayta tiklanadigan energiya manbalari o`rnatilgan oydan e`tiboran uch yil muddatga mol-mulk va er soliqlaridan ozod qilinadi. Mazkur imtiyoz energiya resurslarining amaldagi tarmoqlaridan to`liq uzib qo`yilgan holda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish to`g`risida energiya ta`minoti tashkilotlari tomonidan berilgan ma`lumotnoma asosida taqdim etiladi.

Mol-mulk va er soliqlarini hisoblab chiqarish hamda to`lash tartibi ham o`zgardi. Ilgarigi tartibga ko`ra, mol-mulk va er soliqlarini to`lash to`g`risidagi to`lov xabarnomasi fuqarolarga 1 maydan kechiktirmasdan topshirilgan. Endilikda ushbu muddat 1 mart etib belgilandi. Shuningdek, soliqni to`lash tartibi teng ulushlarda 15 aprelga va 15 oktyabrga qadar amalga oshiriladi.

 Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Soliq kodeksining 62-bobi, 437-moddasining 7-bandida er uchastkalaridan hujjatlarsiz yoxud er uchastkasiga bo`lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko`rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanilganda, soliq stavkasi belgilangan soliq stavkalarining uch baravari miqdorida hisoblanishi belgilandi.

Boshqa yangiliklar