AsosiyJamiyat

Korrupsiyaga qarshi kurash – fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning muhim kafolati — Nig`matilla Yo`ldoshev

'Korrupsiyaga qarshi kurash – fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning muhim kafolati — Nig`matilla Yo`ldoshev'ning rasmi

Avvalo, shuni qayd etish o`rinliki, muhtaram Prezidentimizning har bir chiqishlari, xususan mamlakat hayoti uchun strategik ahamiyat kasb etuvchi ma`ruza va murojaatlari nafaqat xalqimiz, balki dunyo hamjamiyati tomonidan ham katta qiziqish va xayrixohlik bilan kutib olinmoqda.

Yangi shaklllangan Oliy Majlisga yo`llangan dastlabki Murojaatnoma ham bundan mustasno bo`lmadi. 

Nufuzli mahalliy va xorijiy ekspertlarning yakdil xulosasiga ko`ra, Prezidentimiz Murojaatnomasi O`zbekistonning joriy yil va yaqin istiqboldagi taraqqiyotini belgilab beruvchi strategik va ayni paytda fundamental asosga ega bo`lgan hujjatdir. 

Darhaqiqat, Murojaatnoma timsolida O`zbekistondagi bugungi islohotlar mohiyatini, yaqin yillarda yurtimizning 
butun qiyofasi qay tarzda jozibador bo`lishini, xalqimiz hayoti nechog`liq osuda, farovon va baxtiyor kechishini ko`rish 
mumkin. 

Bir so`z bilan aytganda, Murojaatnomada belgilab berilgan ulkan marralar shunchaki ezgu niyat yoki xohish-istak 
emas. Aksincha, undagi har bir vazifa ijro mexanizmi, buning uchun mas`ullar, muddatlar, moliyaviy manbalari bilan 
uyg`un holda bayon etildi. Eng muhimi, hujjatda avvalo, inson va uning manfaat-
lari ustuvor o`ringa qo`yilgan. Ya`ni, “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan asosiy tamoyilga muvofiq barcha resurslar, imkoniyatlar xalqimiz manfaatlari yo`lida safarbar etilishi qat`iy ta`kidlandi.

Xalqimiz esa bunday yangi va oqilona siyosatni yakdillik bilan qo`llab-quvvatlamoqda. 

Zotan, adolat tantanasi va qonun ustuvorligini o`zi uchun asosiy shiorga aylantirgan davlat fuqarolaridagi siyosatga ishonch, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg`ulari mustahkam bo`lishi hammaga ma`lum. 

Sohibqiron Amir Temur ham Oqsaroy peshtoqiga “Adolat – davlatning asosi va hukmdorlar shioridir”, degan hikmatli so`zlarni yozdirgani ham bejiz emas. U ana shu g`oya asosida millatni eng ezgu va ulug`vor maqsadlar yo`lida birlashtirgani va safarbar eta olgani ham tarixdan ayondir. 

Yangi O`zbekistonning yangilangan siyosati ham aynan inson qadr-qimmatini oliy darajaga ko`tarish, jamiyatda adolat 
va qonun ustuvorligini so`zsiz ta`minlash kabi yuksak g`oyalarga   tayanmoqda. 

Biroq, afsuski, bu yo`ldagi islohotlar natijadorligiga salbiy ta`sir ko`rsatayotgan, taraqqiyotga to`siq bo`layotgan bir 
qator   omillar,   illatlar   saqlanib   qolmoqda. Hech shubhasiz, ulardan biri va eng xavflisi korrupsiyadir.

Bu illat avvalo, xalqimizning davlat va islohotlarga ishonchini so`ndirishi, jamiyatda norozilik kayfiyatini kuchaytirishi   bilan   ham   g`oyat   xatarlidir. Shu bois, istiqlol yillarida mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qator ishlar amalga oshirildi. 

O`zbekistonning 2008 yilda BMTning Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasiga va boshqa xalqaro hujjatlarga qo`shilganligi 
bu borada amalga oshirilgan birinchi qadam bo`ldi.

Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risida”gi Qonun 
va alohida Davlat dasturida esa navbatdagi vazifalar belgilab olindi. Qonunda ilk bor korrupsiya va manfaatlar to`qnashuvi tushunchalariga ta`rif berildi. Shuningdek, Qonunda korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha vakolatli organlar hamda ularning maqomi aniq belgilab 
qo`yildi. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha faoliyatni muvofiqlashtirish uchun Bosh prokuror rahbarligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha respublika idoralararo komissiyasi tashkil etildi. 

2017 – 2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha 
Harakatlar strategiyasi o`zining tub mohiyati bilan aynan korrupsiyani tag-tomiri bilan yo`q qilishga qaratilgan 
tarixiy   hujjat   bo`ldi. Unda barcha sohalarda korrupsiyaga barham berish, uning ildiz otishiga sharoit yaratayotgan sabablarni bartaraf etishga   qaratilgan   aniq   chora-tadbirlar   bayon   qilindi. 

2019 yilda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “O`zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmon bilan 2019 – 2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha ikkinchi   Davlat   dasturi   tasdiqlandi. 

So`nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar 
amalga oshirilganligini alohida e`tirof etish zarur.

Birinchidan, davlat xizmati tizimi, uning maqsadlari va vazifalari tubdan takomillashtirildi. Ma`muriy 
islohotlar   konsepsiyasi   tasdiqlandi. Davlat organlari xodimlarining samarali ijtimoiy himoya qilinishi, moddiy ta`minoti va rag`batlantirilishini kuchaytirishga qaratilgan choralar ko`rildi. Xususan, oxirgi uch yilda davlat xizmatchilarining ish haqi o`rtacha qariyb 60 foizga, ayrim sohalarda esa, bir   necha   barobarga   oshirildi. 

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan davlat boshqaruvi organlari va mahalliy 
ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalariga asosan barcha vazirlik va idoralarda odob-ahloq   me`yorlari   tasdiqlandi. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Davlat 
xizmatini rivojlantirishni qo`llab-quvvatlash jamg`armasi tashkil etildi. 

Meritokratiya va ochiq tanlovlar asosida davlat fuqarolik xizmatining “karera modeli”ni joriy etish 
ishlari   boshlandi. 

Ikkinchidan, tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirish, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilish yo`lidagi byurokratik to`siqlar va korrupsiogen holatlarni bartaraf   etishga   qaratilgan   maqsadli   choralar   ko`rildi. 

Davlat organlarining nazorat-tekshiruv vazifalari maqbullash-tirildi. Tadbirkorlik sub`ektlarining faoliyatini tekshirish tizimi takomillashtirildi. Ular faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashishga yo`l qo`ymaslik maqsadida Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo`yicha 
vakil   instituti   joriy   qilindi. 

Savdo-sanoat palatasi tizimi tubdan isloh etildi, davlat aktivlarini boshqarish tizimi ham takomil-
lashtirildi. Davlat xaridlarining mutlaqo yangi tizimi yo`lga qo`yilib, sohada oshkoralik, shaffoflikni ta`minlash, pirovardida korrupsiyaning oldini olish maqsadida “Davlat xaridlari to`g`risida”gi   Qonun   qabul   qilindi. 

Soliq tizimini yanada takomillashtirish, iqtisodiyotda xufiyona aylanmani qisqartirish maqsadida joriy yilda 
yangi tahrirdagi Soliq kodeksi amalga kiritildi. Unga muvofiq, soliq turlari 13 tadan 9 taga kamaytirildi. Soliqlarni to`lash muddatini uzaytirish yoki bo`lib-bo`lib to`lashga ruxsat berish bo`yicha engillashtirilgan mexanizmlar joriy etildi. 

2019 yilda byudjet ma`lumotlarining ochiqligini yanada oshirish maqsadida byudjet mablag`larining shakllanishi 
va sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini o`rnatishning yangi tartibi belgilandi hamda ilk bor 
Davlat   byudjeti   qonun   tarzida   qabul   qilindi. 

Uchinchidan, davlat xizmatlarini taqdim etish va ma`muriy taomillarni tartibga solishning huquqiy 
va   institusional   asoslari   takomillashtirildi. Xususan, ma`muriy va byurokratik to`siqlarni bartaraf 
etish, ro`yxatga olish, ruxsat etish va lisenziyaga doir tartib-taomillarni soddalashtirish hamda ularning tezkorligini oshirish maqsadida barcha hududlarda 201 ta davlat xizmatlari markazlari   ochildi.

Hozirgacha ushbu markazlar tomonidan aholiga 120 ta davlat xizmatlari ko`rsatib kelinayotgan bo`lsa, 2020 yildan markazlar orqali 160 dan ortiq shaffof, qulay va tezkor davlat   xizmatlarini   ko`rsatish   rejalashtirilmoqda. 

Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida 2019 yil 9 dekabrda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Byurokratik to`siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari 
va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Qarori qabul   qilindi. Unga ko`ra, joriy yildan boshlab mahalliy ijro 
etuvchi hokimiyat organlarining 11 turdagi vakolati tegishli davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo`linmalariga o`tkazildi. Shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organla-
rining   5   turdagi   vakolati   chiqarib   tashlandi. 

To`rtinchidan, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlardan ko`zlangan asosiy maqsadlardan biri sohada korrupsiyaga barham berish tizimini tubdan takomil-lashtirishga   qaratilganida   namoyon   bo`lmoqda. 

Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi maqsad va vazifalari aniqlash-
tirildi. “Ichki ishlar organlari to`g`risida”gi, “Davlat xavfsizlik   xizmati   to`g`risida”gi   qonunlar   qabul   qilindi. 

Shuningdek, chinakam mustaqil sud hokimiyatini shakllantirish, uning nufuzini oshirish hamda sudyalar mustaqilligini ta`minlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi, sudyalarni 
tanlash,  tayinlash   tizimi   takomillashtirildi. 

Sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning samaradorligini oshirish maqsadida Sudyalar oliy kengashi 
va Oliy sudning tomonidan qo`shma qarori bilan sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning samaradorligini oshirish   bo`yicha   chora-tadbirlar   dasturi   tasdiqlandi.

Beshinchidan, “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan xalqchil 
tamoyil asosida barcha pog`onadagi mansabdor va mas`ullarning odamlar ichiga kirib borish, ularning muammolarini uyma-uy yurib hal etish tizimining joriy etilgani korrupsiyaga qarshi   kurashishda   o`zining   samarasini   bera   boshladi.

Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko`rib chiqish uchun “Xalq qabulxona”-
lari, Prezident portali hamda davlat organlari va   tashkilotlarining   “ishonch telefon”lari   joriy   qilindi. 

Oltinchidan, jamiyatda parlamentning, o`zini o`zi boshqarish organlarining hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining mavqei kuchaytirilb, ularga davlat hokimiyati idoralari faoliyati ustidan parlament 
va jamoatchilik nazoratini ta`minlash bo`yicha keng vakolatlar berildi. 

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari bo`yicha qo`mitalar tashkil etilgani ushbu sohada samarali parlament nazoratini   amalga   oshirishda   muhim   ahamiyat   kasb   etadi.

Shuningdek, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, tuman va shahar Kengash-
lari tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha doimiy komissiyalar   tashkil   etildi. 

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida 
parlament nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”   Qo`shma   qaror   qabul   qilindi. 

Ettinchidan, normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkazishning huquqiy   asoslari   takomillashtirildi. 

Eng muhimi, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiya omillarini keltirib chiqarayotgan 
tizimli muammolarni bartaraf qilishga qaratilgan 30 ga yaqin qonun, 100 ga yaqin Prezident va Hukumat qarorlari qabul qilindi. 

Mahalliy ekspertlar, qolaversa, xalqaro jamoatchilik tomonidan e`tirof etilayotganidek, bunday choralar qisqa 
muddatda   o`z   samaralarini   bera   boshladi.

Jumladan, “Transparency International” xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan 2019 yil bo`yicha e`lon 
qilingan “Korrupsiyani qabul qilish indeksi” reytingida O`zbekiston   5   o`rin   yuqoriga   ko`tarildi. 

Dunyodagi nufuzli nashrlardan biri – “The Economist” jurnali O`zbekistonni 2019 yilda islohotlarni eng jadal 
amalga   oshirgan   davlat – “Yil mamlakati”   deb   e`tirof   etdi. 

Ayni paytda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qo`lga kiritilgan yutuqlardan ko`ra hali qilinadigan ishlar 
ko`p. 

2017–2019 yillar davomida 6.127 nafar mansabdor shaxsning jinoiy javobgarlik masalasi hal qilinganligi 
ham korrupsiyaga qarshi kurashish ahvoli bugungi kun talabiga javob   bermasligini   ko`rsatmoqda. O`z navbatida, birgina huquqni muhofaza qiluvchi organlarning kuchi bilan korrupsiyaga oid huquqbuzar-
liklarga qarshi kurashishda ijobiy natijalarga erishib bo`lmasligi   sir   emas. Avvalo, keng jamoatchilikning korrupsiyaga nisbatan murosasiz   munosabati   shakllanishi   zarur. 

Davlatimiz rahbari ta`biri bilan aytganda, korrupsiyaga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar 
qanchalik harakat qilmasin, xalqimiz bu jirkanch illatga murosasiz bo`lmas ekan, ta`sirchan jamoatchilik 
nazoratini o`rnatmas ekan, bu baloga qarshi samarali kurashni tashkil eta olmaymiz. Bu illat bilan nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, balki har bir jamoa jiddiy kurashishi   kerak. 

Albatta, bu mashaqqatli, biroq, amalga oshirishimiz mumkin va shart bo`lgan vazifadir. Zotan, 2019 yilda 
“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o`rganish markazi tomonidan o`tkazilgan so`rovda ishtirok etganlarning 
86,6 foizi korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha davlat siyosatini qo`llab-quvvatlashlarini bildirishgan. Demak, jamoatchilik korrupsiyaga qarshi kurashda davlat organlariga ko`maklashishga tayyor. 

Binobarin, prokuratura organlari uchun Murojaatnomadan kelib chiqadigan ustuvor vazifalardan biri ham – bu so`zsiz, korrupsiya illatiga qarshi kurash samaradorligini oshirishdir. 

Yuqorida qayd etilganidek, keyingi uch yil davomida Davlatimiz rahbarining tashabbus va g`oyalari, amaliy sa`y-harakatlari natijasida bu illatni tag-tomiri bilan yo`q qilish   borasida   katta   qadam   qo`yildi. Biroq, tan olish kerakki, shuncha sharoit va imkoniyat-larga qaramasdan, jamiyatning bu balodan tamomila xalos bo`lishiga   erishilmayapti. Ayniqsa, ba`zi soha va tarmoqlarda korrupsiyaga 
qarshi qo`llanayotgan va shu tizimlarning yuqori idoralari tomonidan belgilangan chora-tadbirlar kutilgan natijani bermayapti. 

Bosh prokuratura tomonidan yaqinda sog`liqni saqlash, oliy ta`lim tizimlaridagi, shuningdek erdan foydala-
nishdagi korrupsiya holatlari tahliliga bag`ishlab o`tkazilgan tadbirlardan   xabaringiz   bo`lsa   kerak. Biz ushbu yo`nalishlardagi korrupsiyaviy holatlarni aniq tahlillar, fakt va raqamlar asosida muhokama qildik, mas`ullarga, xususan prokuratura organlariga tegishli qo`shimcha   ko`rsatmalar   berdik. Biroq, e`tirof etish kerakki, Davlatimiz rahbarining bu borada Murojaatnomada ilgari surgan tashabbuslari hal qiluvchi   ahamiyat   kasb   etadi. Xususan, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali inson omilini kamaytirish korrupsiyani yo`qotishda 
ham   katta   samara   beradi. Yana bir muhim jihat shundaki, endi sud orqali insonlarning huquqi tiklanganini e`tirof etish bilan cheklanib qolmasdan, nima sababdan sudgacha bo`lgan tergov jarayonida inson huquq va erkinliklari buzilgan, degan savolni ham ko`ndalang qo`yadigan, tazyiqlar uchun javob beradigan   vaqt   keldi. 

Bu ham, avvalo, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning o`zida korrupsiyaga barham berishning eng muhim omillari-
dandir. Ayni paytda parlament va Prezidentga hisob beradigan, korrupsiyaga qarshi kurashishga mas`ul bo`ladigan alohida organ tashkil etish tashabbusi davlat boshqaruvidagi tariximizning   yangi   sahifasiga   asos   soldi. 

Zero, jahonning ko`plab barqaror va taraqqiy etgan mamlakatlarida ham korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha 
alohida organlar davlat va jamiyat ravnaqiga katta hissa qo`shmoqda. 

Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning Oliy Majlisga yo`llagan Murojaatnomasi barcha yo`nalishlar qatori 
korrupsiyaga butkul chek qo`yishning ham yangi istiqbollarini ochib   berdi. Bu tarixiy imkoniyatdan oqilona foydalanib, davlat va jamiyat ravnaqiga hissa qo`shish baxtiga, pirovardida xalqimiz oldida yuzimiz yorug` bo`lishiga erishish barchamizning hamkorlikdagi harakatlarimizga, shijoatimiz va   fidoyiligimizga   bog`liqdir. 

 

Nig`matilla YO`LDOShEV, 

O`zbekiston Respublikasining 

Bosh prokurori 

 

    Boshqa yangiliklar