UzAuto Motors kompaniyasi tomonidan xaridorlarga xizmat ko`rsatish sifatini oshirish, avtomobillar savdosida shaffoflikni ta`minlash maqsadida dilerlik korxonalarining faoliyati muntazam ravishda o`rganib boriladi.
Ana shunday o`rganishlar mobaynida “Xorazm Avtosavdo” MChJ dilerlik korxonasi faoliyatida bir qator xato va kamchiliklarga hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yo`l qo`yilganligi namoyon bo`ldi.
Ma`lum bo`lishicha, avtosalonda sotuv jarayonlari shaffofligini ta`minlaydigan va avtomobil sotib olayotgan mijozlarga qulay sharoit yaratuvchi tizimli ishlar tashkil qilinmagan.
Avtosalon hamda ta`mirlash uchastkasida xavfsizlik, sanitariya holati belgilangan tartibga mos emas, avtosalon savdo bo`limi zarur va etarli darajada xodimlar bilan ta`minlanmagan. Avtomobillarni saqlash va mijozga etkazib berish bo`ycha bir qancha kamchiliklar majud bo`lgan. Sotuv oldi ko`rigi uchastkasi standart asosida tashkil qilinmaganligi sababli ayrim avtomobillarga umuman bunday ko`rik amalga oshirilmagan.
Tekshiruv davomida avtosalonning avtomobillar saqlash omborida kamomad borligi, avtomobil ta`mirlash uchastkalarida xavfsizlik qoidalari bilan tanishtirilmagan xodimlar faoliyat yuritayotganligi holatlari aniqlangan.
Shuningdek kompaniya tomonidan e`lon qilingan aksiyalar bo`yicha muddatli to`lovga sotilgan avtomobillar notariusdan tegishli tartibda rasmiylashtirib, taqiqqa qo`yilmagan.
Avtosalonda axborotlar doimiy ravishda yangilanmagani, korxonada Koll-markaz faoliyatining tegishlicha tashkil etilmaganligi xaridorlarga avtomobil xaridi jarayonida bir qator noqulayliklar tug`dirgan.
Yuqorida qayd etilgan holatlar natijasida “Xorazm Avtosavdo” dilerlik korxonasi rahbari egallab turgan lavozimidan ozod etildi, mavjud kamchilik va xatolarni bartaraf etish yangi rahbar zimmasiga yuklandi.
Kompaniya dilerlik markazlarida yuqorida ko`rsatilgan holatlarning guvohi bo`lganda kompaniyaning 78 141 14 14 raqamlari orqali “Ishonch telefoni”ga murojaat qilish so`raladi.






