AsosiyJinoyat

1507 ta ajrim, 166 ta o`z joniga qasd qilish holati va minglab jinoyatlar

'1507 ta ajrim, 166 ta o`z joniga qasd qilish holati va minglab jinoyatlar'ning rasmi

"Qo`shning tinch - sen tinch", "Vatan qadrini bilmagan o`z qadrini bilmas", "Bir kun janjal chiqqan joydan qirq kun baraka ko`tariladi"  kabi maqollar tub mohiyatida teran haqiqat mujassam: elimiz hamma zamonda tinch-osoyishta hayotni qadrlagan, shu yo`lda bor salohiyatini sarflagan. Buni hozirgi paytda jamiyatda mahallaning o`rni va ta`sirini oshirish hamda profilaktika ishlari samaradorligini yuksaltirish yo`lida olib borilayotgan ezgu sa`y-harakatlar misolida ham ko`rish mumkin.

Xo`sh, viloyatda mavjud 768 ta o`zini o`zi boshqarish organida bu boradagi ishlar ahvoli qanday? Vaziyatni Shohista BOZOROVA o`rgandi...

Mingga yaqin jinoyat sodir etilgan
2019 yilda viloyatda bor-yo`g`i 48 ta mahalla jinoyat, notinch va oilaviy ajrim sodir bo`lmagan hudud sifatida  e`tirof etildi. 178 ta mahallada esajinoyatlar soni oshgan. Viloyat bo`yicha 417 ta mahallada notinch oila ro`yxatga olinmagan bo`lsa-da, 301 mahallada ular soni ortgan. Oilaviy ajrimlar soni 1507 tani tashkil etgan. 261 nafar xotin-qiz tomonidan jinoyat sodir etilgan, 166 ta o`z joniga qasd qilish holati kuzatilgan. Shundan 67 nafarini xotin-qizlar va 29 nafarini voyaga etmaganlar tashkil etishi juda ayanchli holatdir.

Viloyatdagi har bir  mahallada mahalla raisi, xotin-qizlar masalalari bo`yicha mutaxassis, profilaktika inspektori va uning yordamchilari, mahalla mas`ul kotibi, jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi 8 ta komissiya a`zolari, nuroniylar va yoshlar bo`yicha o`rinbosarlarni qo`shib hisoblaganda 100 ga yaqin salmoqli tarkib ishi yo`lga qo`yilgan bo`lsa-da, yuqoridagi raqamlar "bor"imizni ko`rsatib turibdi.

Birgina Qarshi shahrini oladigan bo`lsak, mavjud 62 ta mahallaning faqat uchtasidagina jinoyat sodir etilmagan. Qolganlarida turli ko`rinishdagi mingga yaqin jinoyat yuz bergan. Eng achinarlisi, jinoyatlarda yoshlar ishtiroki salmoqli.

Qarshi shahrida ro`y bergan bezorilik holatini olaylik. 24 yoshli M.Ravshanov muqaddam badanga og`ir tan jarohati etkazish jinoyatini sodir etgani uchun sudlangan bo`lsa-da, qilmishidan tegishli xulosa chiqarish o`rniga yana bezorilik qilgan. U muqaddam sudlangan B.Ergashev hamda B.Usmonov bilan shahardagi "Kapriz" go`zallik saloni yoniga kelib,  Sh.Uzoqov va uning sheriklari O.Abdullaev, R.Bobonazarov, S.Ravshanov bilan o`zaro janjallashishadi. Janjalda jinoyat quroli sifatida M.Ravshanov pichoqdan, Sh.Uzoqov esa pnevmatik to`pponchadan foydalangan. Surishtiruvlar natijasida bu yoshlarning birortasi ham tayinli bir ish bilan band bo`lmagani, o`ziga to`q oilalar farzandlari ekanligi aniqlandi.

Jamoat joyida, ko`pchilikning ko`z o`ngida sodir etilayotgan jinoyatlarni asosan biror joyda ishlamaydigan, ota-ona va mahalla-ko`y nazoratidan chetda qolgan yoshlar sodir etayotgani jamiyat uchun ogoh qo`ng`irog`i emasmi?! Qolaversa, mahalla faollari, Yoshlar ittifoqi boshlang`ich tashkiloti vakillari ishsiz yoshlarni ro`yxatga olib, bandligini ta`minlashda nega sustkashlikka yo`l qo`yayapti? Nima, joylarda ish bilan band bo`lmagan insonlar borligini fuqarolar yig`ini faollari, mahalliy hokimlik yoki boshqa tashkilotlar vakillari bilmasmidi? Yaxshi bilgan. Ammo e`tiborsizlik, boshqalar taqdiriga nisbatan loqaydlik bois masala o`z holiga tashlab qo`yilgan, natijada ana shunday noxush holatlar yuzaga qalqib chiqqan.

O`z uyingni o`zing asra

- Jinoyatlar asosan ishsizlik, bekorchilikdan kelib chiqadi, - deydi Qarshi shahridagi Mag`zon mahalla  fuqarolar yig`ini raisi Samandar  Ziyotov. - Shu sababli aholini ish bilan ta`minlashga jiddiy yondashayapmiz. Yoshlarimiz uchun 28-maktab qoshida stadion, usti yopiq futbol maydonchasi, kurash, aykido sporti to`garaklari tashkil etilgan. Qiz bolalar uchun tikuvchilik to`garagi yo`lga qo`yilgan. Ayniqsa, maktabda rus,  ingliz tili bo`yicha mashg`ulotlar yo`lga qo`yilgani farzandlarimizning chet tillarini mukammal egallashiga turtki bo`lmoqda. Shuning orqasidan mahallamizda yaqin yillar ichida birorta huquqbuzarlik, oilaviy ajrim holati kuzatilmadi.

Darhaqiqat, mahallada ishsizlikni bartaraf etish uchun tomorqachilikni rivojlantirish, xonadonlarda  issiqxona tashkil qilishga e`tibor qaratilgan. O`tgan yili 16 ta oilaga issiqxona qurish uchun, 8 ta oilaga chorva va parranda boqish uchun kredit olishga ko`maklashilibdi.

Ko`rinib turibdiki, mahallalarimizdagi ahvol bilan maqtanib bo`lmaydi. Ammo ma`lum natijalarga erishayotganlari ham yo`q emas. Har holda yaxshi statistikadan manfaat ko`rayotgan ham, yomonidan jabr tortayotgan ham - o`zimiz. Shunday ekan, yon-atrofdagi voqea-hodisalarga befarq bo`lmaylik.


 

    Boshqa yangiliklar