Qoraqalpog`istonda “O`zbekiston aralash jang san`atlari assosiasiyasi Qoraqalpog`iston bo`limi“ (MMA) federasiyasi tashkil qilindi. Nukusdagi Yoshlar markazi binosining kichik zalida yangi federasiya tashkil etilganiga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi va unda MMA Qoraqalpog`iston federasiya rahbari vazifasiga Rambergen Seytjanov, ijrochi direktor lavozimiga Adilbek Allanazarov va bosh murabbiy sifatida Uais Tlegenov tayinlandi.
Qoraqalpog`iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri G`ayratbay Bayniyazov Qoraqalpog`istonda “O`zbekiston aralash jang san`atlari assosiasiyasi Qoraqalpog`iston bo`limi“ tashkil etilishini muhim voqea deb atadi.
– MMA dunyodagi eng mashhur sport turlaridan biri. “O`zbekiston aralash jang san`atlari assosiasiyasi Qoraqalpog`iston bo`limi“ tashkil etilishi bilan kurashchilar malakali murabbiylar rahbarligida mashq qilish imkoniyatiga ega bo`ladilar. Bundan tashqari, sportchilarning sog`lig`i ustidan qattiq tibbiy nazorat o`rnatiladi, shuningdek, xorijiy musobaqalarda ishtirok etish uchun zarur hujjatlarni olishda yordam ko`rsatiladi, – deydi u o`z nutqida. – Birinchi navbatda Nukusda, yaqin kunlar ichida sportchilarimiz ichidan saralash turniri o`tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Mazkur tadbirda Qoraqalpog`istondagi barcha etakchi murabbiylar va OAV xodimlari ishtirok etdi.






