Kuni kecha chop etilgan “Andijonlik fuqaro IIB xodimi tomonidan ayovsiz kaltaklandi” nomli maqolada 2019 yilning 11 sentyabrida J.Hamroqulov Andijon shahar 6-sonli IIB profilaktika inspektori S.Abdumannopov tomonidan kaltaklanganligi haqida ma`lumot berilib, videoyozuv ilova qilingan.
Mazkur ma`lumot joriy yilning 13 yanvar kuni “Facebook” ijtimoiy tarmog`iga joylangan bo`lib, unga Andijon viloyati IIB Axborot xizmati tomonidan munosabat bildirilgan edi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmatining ma`lumotiga ko`ra, 2019 yilning 11 sentyabrda soat chamasi 22:30 larda Andijon shahrida yashovchi J.Hamrakulov Andijon shahri, Nodira ko`chasida joylashgan “Kamelot” kafesi oldida mast holatda fuqaro O.B. bilan sababsiz janjallashib, unga engil tan jarohatlari etkazgan, deya xabar beradi IIV Axborot xizmati.
Chaqiruvga ko`ra, tungi vaqtda xizmat olib borayotgan Andijon shahri ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining 6-sonli ichki ishlar bo`limi profilaktika inspektori S.Abdumannopov voqea joyiga etib kelib, jamoat tartibini buzayotgan J.Hamroqulovni tinchlantirishga uringan vaqtida faol qarshilikka uchragan.
Shundan so`ng, fuqaro J.Hamroqulov hududiy ichki ishlar bo`limiga olib kelinib, belgilangan tartibda ro`yxatdan o`tkazilgan. Mast holatda bo`lgan J.Hamroqulov bu erda ham xodimlarga faol qarshilik ko`rsatgan. Internet saytda e`lon qilingan videotasvirda aynan shu holat aks etgan.
Mazkur holat Andijon viloyatining prokuratura organlari tomonidan atroflicha o`rganib chiqilib, J.Hamroqulovga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 1-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko`rsatish) va 277-moddasi 2-qismi (Bezorilik) bilan ayb e`lon qilingan. Xozirda jinoyat ishi O`zbekiston Respublikasi Jinoyat prosessual kodeksining 388-moddasi tartibida sud muhokamasiga yuborilgan.
Shu o`rinda yurtdoshlarimizga, har qanday huquqbuzarlik qonun doirasida ko`rib chiqilishi muqarrarligini hamda aybdorlarga nisbatan munosib jazo tayinlanishini ma`lum qilamiz.






