Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida engil konstruksiyali uyda yuz bergan yong`in oqibatida 20 yoshli O`zbekiston fuqarosi halok bo`ldi. O`t o`chiruvchilarga xalaqit bergan 25 nafar O`zbekiston fuqarosi esa tartib buzuvchi sifatida polisiya tomonidan olib ketilgan. Bu haqda «Fontanka.ru»ga tayanib, “Daryo” xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, polisiya 2 fevral kuni kechasi qurilish maydoniga chaqirilgan. Voqea joyida o`t o`chiruvchilarni o`rab olgan va hamyurti uchun qayg`urayotgan 25 nafar O`zbekiston fuqarosi polisiya tomonidan olib ketilgan. Ularning 10 nafariga nisbatan Rossiyada bo`lish tartibini buzganlik to`g`risida bayonnoma tuzilgan.
Yong`in o`chirilgach, uy ichidan o`zbekistonlik 20 yoshli erkakning jasadi olib chiqilgan. Yong`inga elektr simlaridagi nosozlik sabab bo`lgani taxmin qilinmoqda.
Eslatib o`tamiz, 21 yanvar kuni Rossiyaning Tomsk viloyatida yuz bergan yong`inda 12 nafar O`zbekiston fuqarosi halok bo`lgan edi.






