Hindistonning Xaryan shtati Faridobod shahrida «Surajkund Mela» - dunyoning eng yirik hunarmandchilik festivalining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi, unda O`zbekiston sherik-mamlakat sifatida ishtirok etmoqda. Bu haqda "O`zbekturizm" matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda Hindiston Prezidenti Ram Natx Kovind, Xaryan shtati bosh vaziri Manoxar Lal Kxattar, Xaryan va Ximachal Pradesh shtatlari gubernatorlari, diplomatlar, OAV hamda jahonning 40 davlatidan tashrif buyurgan ishtirokchilar qatnashishdi. Ochilish marosimi festivalning asosiy ko`chasi bo`ylab tantanali yurishdan boshlandi, u erda shuningdek Hindiston va ishtirokchi-davlatlarning musiqachilari va folklor jamoalari chiqishlar qilishdi.
Hindiston Prezidenti Ram Natx Kovind O`zbekiston pavilonida to`xtab, mamlakatimizning hunarmandchilik va amaliy san`at ekspozisiyasi bilan yaqindan tanishdi hamda hunardmandlarimiz bilan suhbatlashdi. Prezident ochilish marosimida qatnashar ekan, «Surajkund Mela» festivali O`zbekistonning boy madaniyati va an`anaviy san`ati bilan yaqindan tanishish uchun ajoyib imkoniyat bo`lganini ta`kidladi.
“Hindiston va O`zbekiston o`rtasida chuqur madaniy hamda diplomatik aloqalar yo`lga qo`yilgan. Davlatlarimiz umumiy geografik chegaralarga ega bo`lmasa-da, bizning dillarimiz juda yaqin. Madaniyat va san`at sohalaridagi uzviy hamkorlik odamlarni yaqinlashtirib, xalqlarimiz o`rtasidagi do`stlik va ezgulik aloqalarini mustahkamlaydi”, - dedi u.
Bundan tashqari, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o`zining Twitter’dagi akkauntida O`zbekistonga ushbu festivaldagi ishtiroki uchun minnatdorchilik bildirdi:
“Bugun Hindiston Prezidenti Ram Natx Kovind ochib bergan Surajkund Mela” festivalida O`zbekistonni sherik mamlakat sifatida ko`rishdan baxtiyorman. O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevga shunday tashabbuslarni ilgari surayotgani uchun samimiy minnatdorchilik bildiraman, zero bu xislatlar O`zbekiston va Hindistonni yanada yaqinlashtiradi”, - deb yozilgan surat ostida.
Xaryana shtati vazir o`rinbosari Vijay Vardxon Hindiston ahlining Qo`qon hunarmandchilik festivalida O`zbekiston Prezidentining hunarmandchilikni qo`llab-quvvatlashga naqadar yuksak e`tibor qaratayotganiga ishonch hosil qilganini qayd etib, aynan shu jihat Osiyoning eng yirik festivali «Surajkund Mela 2020»da O`zbekistonni sherik-mamlakat sifatida tanlashga undaganini ma`lum qildi.
O`zbekistonning Hindistondagi favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziev ham o`z chiqishida shunday dedi:
“Hindiston rahbariyatiga O`zbekistonni sherik davlat sifatida taklif qilganligi hamda delegasiyamizga ko`rsatilayotgan mehmondorchilik uchun katta minnatdorchilik bildiramiz. O`zbekistonning «Surajkund Mela»da sherik-mamlakat sifatidagi ishtiroki ramziy ma`noga ega, zero o`tgan yili O`zbekiston dunyoga o`zining Qo`qon shahrida bo`lib o`tgan Xalqaro xalq amaliy san`ati festivalini namoyish qildi. Biz hunarmandchilikni qo`llab-quvvatlash va targ`ib qilish orqali yosh avlodga ijodiy fikrlashni o`rgatamiz hamda mamlakatlarimiz merosidagi eng sara jihatlarni namoyish etamiz”, - dedi elchi.
Festivalga tashrif buyurgan O`zbekiston delegasiyasi 100 ga yaqin kishidan tashkil topgan bo`lib, ularning orasidan “Hunarmand” uyushmasi vakillari, amaliy san`at ustalari, O`zbekistonning barcha hududlari dizayner va zargarlari, shuningdek Samarqand, Buxoro va Xorazm musiqachi va folklor jamoalari hamda oshpazlari o`rin olgan.
Ta`kidlash joizki, «Surajkund Mela» festivali 16 fevral kuniga qadar davom etadi. Ilk kunlarda xalq sayillari 100 mingga yaqin kishini qamrab oldi. Dunyoning 40 mamlakati hamda Hindistonning deyarli barcha shtatlari hamda tarixiy, madaniy va turistik hududlari o`z pavilonlari bilan ishtirok etmoqda. Festival yakuniga qadar mehmonlar soni 1,5 million kishiga etishi kutilmoqda.






