AsosiyJamiyat

Xitoydan kirib kelayotgan yurtdoshlarimiz 14 kun muddatga tibbiy nazoratga olinmoqda

'Xitoydan kirib kelayotgan yurtdoshlarimiz 14 kun muddatga tibbiy nazoratga olinmoqda'ning rasmi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish shtabi koronavirus infeksiyasining oldini olish borasida olib borilayotgan tadbirlar to`g`risida ma`lumot berdi.

Unga ko`ra, 2020 yil 2 fevral soat 08-00ga qadar olingan rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, Xitoy Xalq Respublikasida jami 14411 nafardan ortiq fuqarolar kasallanib, 2110 nafar fuqaro og`ir holatda davolanmoqda, 304 nafar (2.1%) fuqaro ushbu kasallikdan vafot etgan.

So`ngi ma`lumotlarga ko`ra dunyoning Xitoy Xalq Respublikasidan tashqari 23 ta davlatida (Avstraliya, Vetnam, Germaniya, Kanada, Koreya, Kambodja, Malayziya, Nepal, Tailand, Singapur, AQSh, Fransiya, Shri-Lanka, Yaponiya, Filippin, Hindiston, Italiya, Finlyandiya, BAA, Ispaniya, Rossiya, Shvesiya va Buyuk Britaniya) 144 holatda koronavirus (2019-nCoV turi) infeksiyasi laboratoriya usulida tasdiqlangan. 

Respublika Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasiga 2020 yil 15 yanvaridan 2 fevral kuniga qadar 84 nafar O`zbekiston Respublikasi fuqarosi va 1 nafar Yaponiyalik fuqaro murojaat qilgan, ularning 12 nafarida tana xarorati ko`tarilganligi, birlamchi tibbiy yordamga muxtojligi sababli davolanishga yotqizilgan, bugungi kunda 3 nafar bemor gripp va o`tkir respirator infeksiyasi bilan davolanmoqda, ularda koronavirus infeksiyasi aniqlanmadi.

Sog`liqni saqlash vazirligi bilan Ichki ishlar vazirligi o`rtasida Xitoy Xalq Respublikasidan kirib kelgan fuqarolar to`g`risida kundalik axborot almashinuvi yo`lga qo`yilgan.

Ushbu fuqarolar to`g`risidagi ro`yxat asosida xar bir sog`liqni saqlash boshqarmalari va birlamchi tibbiy bo`g`inlar orqali xonadonma-xonadon yurib, Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan yurtdoshlarimiz 14 kun muddatga tibbiy nazoratga olinmoqda. Ushbu tartib asosida joriy yilning 1 fevral kuni Andijon viloyatida Xitoy Xalq Respublikasiga borib kelgan fuqarolarda olib borilgan tibbiy kuzatuvlar davomida 2 nafar fuqaroda tana xarorati ko`tarilganligi aniqlangan. Ushbu bemorlarga zaruriy muolajalar o`tkazilgan, bemorlarning umumiy axvoli qoniqarli, tana xarorati me`yorida. Bemorlarda zudlik bilan laboratoriya tahlillari o`tkazilgan va koronavirus infeksiyasi aniqlanmagan.

2020 yil 2 fevral kuniga qadar Agentlik qoshida tashkil etilgan shtab ishonch telefoni orqali 1500ga yaqin fuqarolarimizdan kelib tushgan savollarga javob berildi. 

I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga joriy yilning 1 fevral kuni xorijiy davlatlardan 32ta samolyot qabul qilingan, 4072 nafar fuqarolar sanitariya-karantin punktlarida termometriyadan o`tkazilgan, shulardan 20 nafari Xitoyda o`qiydigan talabalardir. Termometriyadan o`tkazilgan fuqarolar orasida 2 nafar O`zbekistonlik va 1 nafar Rossiya fuqarosida tana harorati yuqoriligi aniqlangan, fuqarolarning barchasi Respublika Virusologiya ITI klinikasiga yotqizilgan. 

Temir yo`llari AJ markaziy sanitariya-epidemiologiya xizmatiga qarashli 6 ta sanitariya-karantin punktlaridan jami 1006 nafar fuqarolar o`tishgan, shulardan 132 nafarini xorij fuqarolari tashkil etadi. Tana harorati ko`tarilgan bemorlar aniqlanmagan.

Davlat chegara posti orqali ko`plab yo`lovchi o`tuvchi sanitariya-karantin punktlar Toshkent viloyatining “G`isht-ko`prik”, “Oybek”, Surxondaryoning “Ayraton”, “Gulbahor” hamda Andijon viloyatining “Do`stlik” sanitariya-karantin punktlari orqali 333 ta avtotransportlar, 19137 nafar fuqarolar o`tkazilgan, shulardan 6881 nafari chet el fuqarolari hisoblanadi. Tana harorati ko`tarilgan fuqarolar aniqlanmagan. 

Xitoy Xalq Respublikasida koronavirus infeksiyasi bo`yicha kuzatilayotgan murakkab epidemik vaziyat, bu kasallikni Respublika hududiga kirib kelishi va tarqalib ketishini oldini olish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi tomonidan nazoratga olingan.

    Boshqa yangiliklar