AsosiyJamiyat

6 oylik pensiya oldindan to`lab beriladi

'6 oylik pensiya oldindan to`lab beriladi'ning rasmi

Byudjetdan tashqari pensiya jamg`armasi mas`ullaridan ko`pchilikni qiziqtirgan qator savollarga javob olishga va`da bergandik. Jamg`armaning mas`ullari bergan javoblar asqotsa ajabmas. Savollarimizga Pensiya jamg`armasi ijro etuvchi direktori o`rinbosari Shuhratjon DAVRONOVdan javob oldik...

— Ish stajiga ega pensioner yoki nafaqa oluvchi fuqaro ba`zi sabablarga ko`ra xorijga ko`chib ketsa, unga pensiya yoki nafaqa to`lanadimi? 

— Pensiya bilan nafaqaning farqlijihati shundaki, pensiya faqatgina ish stajiga ega bo`lgan fuqarolarga hamda Pensiya jamg`armasiga ishtirokchi sifatida qatnashgan fuqarolarga pensiya tayinlanadi. Pensiya ish stajidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqilgan miqdor.

Nafaqa esa davlat tomonidan beriladigan ijtimoiy jihatdan fuqaroni qo`llab­quvvatlashga qaratilgan moddiy mablag`. Nafaqa qat`iy belgilangan miqdorda beriladi. 

Uch turdagi nafaqa mavjud:

  • Yoshga doir nafaqa.
  • Nogironlik nafaqasi.
  • Boquvchisini yo`qotganlik nafaqasi.

Ish stajiga ega bo`lmagan fuqarolarga yuqoridagi ijtimoiy nafaqalar to`lanadi.

Fuqaro xorijga ko`chib ketsa, pensiya va nafaqa to`lovi to`xtatiladi. 1992 yilda MDH mamlakatlari o`zaro pensiya ta`minotini ta`minlashi haqidagi bitim mavjud. Bitim imzolagan mamlakatlarga ko`chib ketgan fuqarolarga ko`chib ketish kunidan boshlab, pensiya to`lovi to`xtatiladi va u davlatdan pensiya tayinlab to`lanadi. Agar fuqaro bitim imzolanmagan Evropa davlatlariga ko`chib ketadigan bo`lsa, 6 oylik pensiyasi oldindan to`lab beriladi va to`xtatiladi. Boisi pensiya hujjatlarining bari fuqaroga qaytariladi.

— Bitimni buzib, har ikki davlatdan pensiya olib yurgan fuqarolar ham aniqlanganmi?

Ham O`zbekiston, ham Qozog`iston Respublikasidan pensiya olib yurgan 78 nafar fuqaro aniqlangan, ularga to`langan umumiy mablag` 460 mln. so`m. Qonun buzilish holatlarini aniqlash maqsadida bitim imzolagan barcha davlatlarga so`rov yuborilgan. Qolaversa, Tashqi ishlar vazirligi orqali boshqa davlatlar bilan ham hamkorlikda ishlash taklifini berganmiz.

— 2004 yil 2 dekabrda “Fuqarolarning jamg`arib boriladigan pensiya ta`minoti to`g`risida”gi Qonun qabul qilingan. Mazkur qonunga asosan 2005 yildan Xalq bankida har bir fuqaroning shaxsiy hisob raqamida mablag`lar yig`ilib borilgan. Fuqaro o`zi istagan vaqtda shaxsiy hisob raqamidagi mablag`lardan foydalanishi mumkinmi?

— Qonunchilikda belgilangan tartibga asosan fuqaro pensiya yoshiga etganda, mazkur mablag`larni olish huquqiga ega. Vafot etgan fuqaroning jamg`arilgan mablag`i esa uning vorislariga beriladi. 

8 foizli sug`urta badallari esa bugungi kunda tashkil etilgan solidar pensiya ta`minoti tizimi doirasida yig`ilgan mablag` hisoblanib, ushbu mablag`lar qaytarib berilmaydi. Aslida maoshidan to`langan mablag` fuqaroning shaxsiy hisobiga tushishi kerak. Ishlab chiqilayotgan 3 bosqichli Konsepsiyada mazkur masala qayta ko`rib chiqilib, fuqaro to`lagan mablag` o`ziga qaytarilishini ta`minlash ko`zda tutilgan.

— Tahririyatimizga kelayotgan murojaatlarda amaldagi va qog`ozdagi ish stajlari bir­biriga nomutanosibligi qayd etiladi. Bu tizimdagi korrup­ sion holatlar borligidan darak emasmi? 

— Bugungi kunda Pensiya jamg`armasida qilinayotgan ishlar ko`proq korrupsion holatlarning oldini olishga qaratilgan. Aniqrog`i, hududiy boshqarmalar, Pensiya jamg`armasi tuman bo`limlari o`rtasida semenarlar o`tkazilyapti. Fuqarolar bilan muloqotlar olib borilyapti. Qolaversa, inson omilini cheklash borasida ishlar amal- ga oshirildi, talab qilinadigan hujjatlar soni kamaytirildi.

2015 yildan boshlab, ish haqi, ish staji haqidagi ma`lumotlarni elektron tarzda qabul qilish joriy qilindi.

Pfru.uz saytimizda pensionerlar uchun “shaxsiy kabinet” tashkil qilinishi ustida ish olib borilyapti. Pensionerlar saytdan pensiyasi bilan bog`liq barcha ma`lumotlarni olishi mumkin bo`ladi. Shuningdek, 1140 ishonch telefon raqami mavjud, u orqali kelib tushgan murojaat bo`yicha jamg`arma xodimlari murojaat etgan fuqaroning yashash joyiga chiqqan holda tushuntirishlar olib bormoqda.

Pensiya jamg`armasi o`zini moliyalashtirgan mablag`lari doirasida Xalq banki tomonidan joylarga etkaziladigan mablag`larning monitoring ishlarini olib boradi. Ya`ni, manzilli mablag` etkazib borilganini doimiy ravishda nazorat qiladi.

2020 yildan boshlab, dafn va bola tug`ilganda beriladigan bir martalik nafaqalarini olish uchun Davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat qilish va avtomatlashtirilgan holda tayinlash tizimi joriy qilinadi. Bu ham inson omilini kamaytirishga qaratilgan.

— 2019 yil 11 oyi davomida qancha korrupsion holat aniqlangan va korrupsiyani yo`q qilish uchun qanday choralar ko`rildi?

11 oy davomida Ijro etuvchi apparat tomonidan maxsus guruh tuzildi va respublika bo`ylab, sirli murojaatchi tad- biri o`tkazildi. Fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligiga yo`l qo`yilgan holatlar, shuningdek, 5.676 ta holatda 5 mlrd.dan ortiq to`lovlar amalga oshirilgani aniqlangan. Natijada 10 nafardan ortiq xodimlar intizomiy javobgarlikka tortildi. 

Sadoqat ALLABERGANOVA

    Boshqa yangiliklar