Hukumat qarori bilan konsullik ro`yxatida turuvchi O`zbekiston fuqarolariga xorijga chiqish biometrik pasportini berish tartibi belgilandi.
Qaror bilan tasdiqlangan nizomga ko`ra, konsullik ro`yxatida turuvchi fuqarolarga xorijga chiqish biometrik pasportini berish, rasmiylashtirish va almashtirish:
- xorijdagi konsullik muassasalari;
- Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamenti;
- Tashqi ishlar vazirligining Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlardagi bo`linmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Konsullik muassasalari tomonidan xorijga chiqish biometrik pasporti quyidagi O`zbekiston fuqarolariga rasmiylashtiriladi:
- xorijda doimiy yashaydigan va doimiy konsullik ro`yxatida turadigan;
- O`zbekiston hududida doimiy yashaydigan va 6 oydan ko`p muddatga xizmat safari, o`qish, davolanish, kontrakt bo`yicha ishlash, oilasi bilan birlashish maqsadida xorijga vaqtinchalik yashash uchun chiqqan hamda konsullik muassasalarida vaqtinchalik ro`yxatda turgan.
Xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish O`zbekiston hududida ma`lumotlarni yig`ish punkti tomonidan qabul qilingan kundan boshlab 10 kun muddatda, xorijda esa – diplomatik pochta jo`natilishi jadvaliga muvofiq amalga oshiriladi.






