AsosiyJamiyat

Mahallalar eksportbop qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirishga ixtisoslashtiriladi

'Mahallalar eksportbop qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirishga ixtisoslashtiriladi'ning rasmi

“Dehqon xo`jaliklari va aholi tomorqalari er uchastkalaridan yanada samarali foydalanish chora-tadbirlari to`g`risida” Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Qarorga ko`ra, tashqi bozor talablari asosida mahallalar eksportbop qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirishga ixtisoslashtiriladi.

“Tomorqa xizmati” MChJlar mahallalarga biriktirilgan holda dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalariga shartnoma asosida urug`lar, ko`chatlar va boshqa zarur moddiy resurslar etkazib beriladi.

Dehqon xo`jaliklari va tomorqa er uchastkalarida etishtirilgan qishloq xo`jaligi mahsulotlari “Tomorqa xizmati” MChJlar tomonidan belgilangan tartibda sotib olinadi, ularning eksport qilinishi tashkil etiladi.

Shuningdek, ushbu mahsulotlarning realizasiya va eksport qilinishida Investisiya va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xo`jaligi vazirligi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisi va viloyatlar hokimliklari tomonidan amaliy yordam ko`rsatiladi.

Qaror bilan Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarda 2020 yilda dehqon xo`jaliklari va tomorqa er uchastkalarida bahorgi (ertaki) qishloq xo`jaligi ekinlarini joylashtirish ko`rsatkichlari tasdiqlandi.  

Shuningdek, ushbu ekinlarni ekish, moddiy-texnika resurslarini etkazib berish va etishtirilgan mahsulotlarni sotib olishni tashkil etish bo`yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Unga ko`ra, imkoniyati cheklangan va kam ta`minlangan tomorqa er egalari, shuningdek ish bilan band bo`lmagan aholining ro`yxati shakllantiriladi, ularni qo`llab-quvvatlash bo`yicha manzilli choralar belgilanadi.

Tomorqadan samarasiz foydalangan tomorqa er egalariga ko`maklashuvchi tashabbuskor fermer xo`jaliklari biriktiriladi.

 

    Boshqa yangiliklar