O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev professional boks bo`yicha jahon chempioni Murodjon Ahmadalievga tabrik yo`lladi.
Qadrli farzandim Murodjon,
Avvalo, Seni, barcha ustoz va murabbiylaringni, butun xalqimizni boks bo`yicha erishgan tarixiy g`alabang bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
AQShning Mayami shahrida ikki yo`nalishdagi professional boks bo`yicha amaldagi jahon chempioniga qarshi o`tkazgan g`oyat shiddatli va qiziqarli jangingni o`zbekistonliklar katta hayajon va qiziqish bilan kuzatdi.
Millionlab tengdoshlaringga ibrat namunasini ko`rsatib, yuksak mardlik va matonat bilan professional boksning ikkita eng nufuzli (WBA Super va IBF) yo`nalishlarida shunday buyuk g`alabani qo`lga kiritganing, jahon boksidagi uzoq yillik rekordni yangilaganing har qanday tahsin va tasannolarga munosibdir.
El-yurtimizning ishonchini oqlab, mustaqil O`zbekiston sporti tarixida mutlaqo yangi va yorqin sahifa ochgan ushbu olamshumul zafar sohibi bo`lgan Sen kabi jasur va vatanparvar o`g`lonlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz va chin yurakdan olqishlaymiz.
Murodjon o`g`lim, Sen ringda o`zbek yigitlarining jismoniy, ruhiy va ma`naviy jihatdan barkamolligini, hech qachon kuragi erga tegmagan buyuk ajdodlarning munosib vorisi ekanligini, O`zbekiston tom ma`noda boks mamlakatiga aylanib borayotganini yana bir bor isbotlading.
Fursatdan foydalanib, jonajon Vatanimizning bayrog`i va shon-shuhratini xalqaro maydonlarda yanada yuksaltirish yo`lidagi sharafli faoliyatingda ulkan omadlar, oilaviy baxt-saodat va yangi yutuqlar tilab qolaman.
Hurmat bilan,
Shavkat Mirziyoev,
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti
Avvalroq Prezident bokschiga “O`zbekiston iftihori” faxriy unvonini bergani haqida xabar bergandik.






