AsosiyJamiyat

RASMIY JAVOB: O`zbekistonda koronavirus qayd etilgani haqiqatmi?

'RASMIY JAVOB: O`zbekistonda koronavirus qayd etilgani haqiqatmi?'ning rasmi

Sog`liqni saqlash vazirligi turli ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizda koronavirus qayd etilganligi bilan bog`liq xabarlarga izoh berdi.

Hozirda Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligida mamlakatimiz hududiga koronavirus infeksiyasini kirib kelishi va tarqalishini oldini olish bilan bog`liq ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida tunu kun faoliyat ko`rsatuvchi maxsus shtab faoliyat ko`rsatmoqda. 

Bundan tashqari, mazkur Agentlikda tashkil etilgan “Ishonch telefonlari” orqali Xitoydan kelayotgan fuqarolar, tahsil olayotgan talabalar, ularning ota-onalari, tadbirkor va boshqa soha xodimlariga tegishli tushuntirish va kerakli tavsiyalar ham berib borilmoqda.

Shu kunlarda havo, avtomobil va temir yo`l transporti ob`ektlarida sanitariya-epidemiologiya va migrasiya nazorati har qachongidan ham kuchaytirilmoqda. Tezkor ma`lumotlarga qaraganda, birgina shu yilning 31 yanvar kuni Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijdan uchib kelgan jami 4194 nafar, temir yullari orqali esa 953 nafar fuqaro sanitariya-karantin punktlarida termometriyadan o`tkazilgan. Natijada agentlikning virusologiya laboratoriyasiga koronavirusga tekshirish uchun 21 nafar fuqarodan namunalar olingan. O`tkazilgan tibbiy tekshiruvlar natijasida namunalar orasida koronavirus kasalligining virusi topilmagan.

Shu o`rinda, turli ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizda koronavirus qayd etilganligi bilan bog`liq xabarlar haqiqatga mutlaqo zid ekanligini yana bir bor ta`kidlab o`tamiz. Bugungi kunga qadar yurtimiz fuqarolari orasida koronavirus infeksiyasi qayd etilmagan.

Eslatib o`tamiz, koronavirus infeksiyasi va u bilan bog`liq vaziyat yuzasidan Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining (71) 276-46-65, (71) 276-49-66 telefon raqamlariga murojaat qilish mumkin.

 

    Boshqa yangiliklar