Davlat yo`l harakati xavfsizligi tizimi bosqichma-bosqich xalqaro standartlar talablariga mos keladigan zamonaviy uskuna va anjomlar bilan ta`minlanmoqda.
2020 yil 1 fevral kuni “Xalqlar do`stligi” saroyi oldida O`zbekiston Respublikasi IIV Yo`l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining xizmatda foydalanish uchun topshirilgan 138 ta xizmat avtomobillari ham zamonaviy uskuna va anjomlar bilan jihozlangan. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi IIV YHXBB Axborot xizmati xabar berdi.
Tadbir davomida namunali xizmat ko`rsatgan xodimlar ham taqdirlandi. Bundan tashqari 2019 yilda eng yaxshi natijalarga erishgan hududiy Yo`l harakati xavfsizligi boshqarmalariga “Trekker”, “Lasetti”, “Neksiya” rusumli avtomobillar topshirildi.
Shu kuni IIV YHX Bosh boshqarmasi “Multimedia markazi”ning ochilish marosimi o`tkazildi.
Ta`kidlash kerakki, ushbu markaz faoliyatining tashkil etilishi Davlat Yo`l harakati xavfsizligi xizmati tizimidagi islohotlarni OAV larida xolis va professional tarzda yoritishni ta`minlash ko`zda tutilgan. Multimedia markazi zamonaviy texnologiyalar va kreativ yondashuvlardan foydalangan holda axborot-tahliliy media materiallarni tayyorlaydi. Jumladan, bu erda audio va videoroliklar, teleko`rsatuv va radio eshittirishlar, ijtimoiy reklamalar, voqea joyidan reportajlar tayyorlanib, efirga, shuningdek, internet tarmog`iga uzatiladi. Har bir media materialning dolzarbligi, huquqiy jarayonlar va davr talabiga mosligi hamda yuqori saviyada bo`lishi talab etiladi.
“Multimedia markazi”ning asosiy vazifalaridan biri ham harakat xavfsizligini ta`minlashga oid axborotlarni keng ommaga tezkor, ishonchli va ob`ektiv etkazishdir.






