Ohangaron ulkan iqtisodiy salohiyati bilan Toshkent viloyatida muhim ahamiyatga ega shaharcha hisoblanadi. Hududdagi birgina sanoat zonasining o`zida 110 dan ortiq ishlab chiqarish ob`ektlarining faoliyat ko`rsatishi, bu korxonalarda 30 turdan ziyod mahsulotlarning ishlab chiqarilib, eksportga yo`naltirilishi ham bunga yaqqol isbot bo`la oladi. Bu haqda Ohangaron shahar hokimligi Axborot xizmati xabar berdi.
Ohangaron shahrida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida o`tgan 2019 yilda 661,5 milliard so`mlik 25 ta loyiha ishga tushirildi, natijada 1200 ga yaqin yangi ish o`rinlari yaratildi. Bugun bu erda ishlab chiqarilayotgan sement, shifer, g`isht, platmassa quvurlar, akkumulyator, teri, premiks mahsulotlarga xorijiy davlatlarda talab va qiziqish yuqori.
Tajriba almashish har bir soha rivojiga ijobiy ta`sir ko`rsatadi. Ayniqsa katta bir hududning rahbari faoliyatida bu an`ana faqat va faqat taraqqiyot garovi sifatida xizmat qiladi. Bugun Ohangarondagi bunyodkorliklar Respublikadagi tuman va shaharlarning Prezident akademiyasida tahsil olayotgan 154 nafar hokimlarini bir ezgu maqsad sari birlashtirdi, desak mubolag`a bo`lmaydi. Ha, bugun Ohangaronga 154 nafar hokim tajriba almashish uchun tashrif buyurishdi.
Hokimlar o`tirgan avtobuslarning dastlabki manzili "QUALITY DEVICE” MChJ shaklidagi qo`shma korxona bo`ldi.
Turkiya bilan hamkorlikda tashkil etilgan qo`shma korxona Ohangaron shahri Sanoat hududida jami 3 ga. er maydonida joylashgan. 2019 yilning noyabr oyida ishga tushgan korxona yiliga 1 mln. dona turli xil turdagi televizorlar ishlab chiqarishga mo`ljallangan.
Loyiha uchun umumiy qiymati 3 million dollar (shundan to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar 500 ming dollar) investisiya kiritilishi natijasida mahalliy aholi uchun 300 ta yangi ish o`rinlari yaratilishi rejalashtirilgan edi. Biroq ayni damda bu erda 530 dan ortiq ohangaronliklarning bandligi ta`minlangan. .
Ishchilarga qulaylik yaratish, chekka hududlardagi aholi uchun muammo bo`ladigan transport masalasini engillashtirish maqsadida 4 dona avtobus yo`lga qo`yilgan.
Korxona televizorlarni ichki bozorga chiqarishdan tashqari Tojikiston, Qirg`iziston, Rossiya kabi 15 dan ortiq davlatlarga eksport qiladi. Bugungi kunda bu erda hoshiyasiz yangi turdagi televizorlar, tajriba asosida mikroto`lqinli pechlar ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi.
Mehmonlar bu erda bo`lganlarida televizor ishlab chiqarish jarayoni, uning o`ziga xosligi bilan tanishishdi. Mutaxassislardan bu borada qiziqtirgan savollariga javob olishdi.
“DAL HEAVY INDUSTRIES” MChJ shaklidagi xorijiy korxona 8,1 ga er maydoniga ega. Yillik quvvati 12 ming tonna bo`lgan “Keng maqsadda foydalaniladigan metall konstruksiyalar ishlab chiqarish” loyihasi uchun umumiy qiymati 10,7 mln.dollar to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiya kiritilgan.
Korxonaning asosiy ta`sischisi “DAL TEKNIK MAKINA TICARET VE SANAYI A.S” (Turkiya) korxonasi hisoblanadi. 2018 yil sentyabr oyida ishga tushirilgan korxonada bugungi kunda 200 dan ortiq mahalliy aholi faoliyat yuritadi.






