2020 yil 1 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda yo`l transport hodisasi natijasida texnik shikastlangan yo`l-patrul xizmatining maxsus xizmat avtomobili fotosurati tarqalgan.
Fotosuratda aks etgan maxsus xizmat avtomobili Xorazm viloyati IIB Yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasiga tegishli bo`lganligi va fotosurat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o`rtasida turli tusmollar bilan sharxlanayotganligi sababli, holatga oydinlik kiritish maqsadida quyidagilarni ma`lum qildi.
“Lasetti” rusumli ushbu xizmat avtomashinasi Xorazm viloyati IIB Yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi YPX inspektori, safdor J.A.ga xizmatda foydalanish uchun biriktirilgan.
YPX inspektori xizmat vazifasini bajarish yuzasidan 2020 yil 31 yanvar kuni soat 22:00larda Urganch shahrining Al-Xorazmiy ko`chasi bo`ylab janub tomondan, shimol tomonga qarab harakatlanib borayotganida, o`zi bilan bir yo`nalishda oldinda harakatlanib borayotgan engil avtomashina to`satdan to`xtaganligi sababli, YPX inspektori ushbu avtomashina bilan to`qnashuvni oldini olish maqsadida harakat yo`nalishini birdaniga o`zgartirib, yo`lni ajratib turuvchi beton to`siqqa urilgan.
Mazkur yo`l-transport hodisasi natijasida YPX inspektori boshqaruvidagi maxsus xizmat avtomobili texnik shikastlangan bo`lib , xech kim tan jarohati olmagan va boshqa avtomobillarga texnik shikast etkazilmagan.
Shuni alohida qayd etish lozimki, yo`l-transport hodisasiga uchragan xizmat avtomashinasini boshqargan YPX inspektori, o`zi biriktirilgan xizmat hududida, xizmat kiyimida, xushyor holatda, tungi smenada xizmat olib borayotgan bo`lgan.
Holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






