AsosiyJamiyat

Oqdaryoda bolaga e`tiborsizligi uchun tarbiyachi hamda enaga ishdan bo`shatildi

'Oqdaryoda bolaga e`tiborsizligi uchun tarbiyachi hamda enaga ishdan bo`shatildi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoq va jamoatchilik orasida turli muhokamalarga sabab bo`layotgan Oqdaryo tumanidagi 63-maxsus maktab-internatidagi holat yuzasidan Samarqand viloyati xalq ta`limi boshqarmasi axborot xizmati bayonot berdi.

Oqdaryo tumanidagi 63-maxsus maktab-internatidagi holat viloyat xalq ta`limi boshqarmasi, tuman hokimligi va jurnalistlar tomonidan o`rganildi. Aniqlanishicha, muassasaning 5 “A”-sinf o`quvchisi S.I. Samarqand viloyati Narpay tumani Oqtosh shahri A.Ravshanov ko`chasi, 32-uyda ota-onasi bilan birga yashaydi. Tarbiyalanuvchi ushbu muassasaga 2015 yilda “Oligofreniya debillik darajasi nutq nuqsoni”  tashxisi bilan qabul qilingan.

2020 yil 23 yanvar kuni tarbiyachi Sh.T. navbatchiligi vaqtida, ertalab soat 6:00 larda tashqariga chiqqan. Shu vaqtda tarbiyalanuvchi S.I. ham uning orqasidan tashqariga yo`l olgan. Bundan xabardor bo`lmagan holda tarbiyachi Sh.T. o`z ishi bilan mashg`ul bo`lgan. Shundan so`ng tarbiyalanuvchi S.I. 30-40 daqiqa oralig`ida tashqarida qolib ketgan. Shu vaqt mobaynida tarbiyalanuvchida “talvasa sindromi” kuzatilgan. Tarbiyalanuvchini yotoqxona binosiga olib kirishgan. Muassasa direktorining ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari Z.Fozilova tuman tez tibbiy yordam bo`limiga qo`ng`iroq qilgan.

Tez tibbiy yordam xodimlari etib kelgunga qadar tarbiyalanuvchi S.I.ga  birinchi yordam ko`rsatish maqsadida oyog`ining tag qismiga issiq suv solingan elim idish (baklashka) qo`yib, issiq mato bilan o`ragan. Ehtiyotsizlik oqibatida bolaning oyog`ining tag qismi kuyib, pufakcha hosil bo`lgan. Shu sababli hozircha oyoqqa turgani yo`q. Tuman tibbiyot xodimlari bolaning umumiy ahvoli yaxshi ekanligi, 1 hafta-10 kunda tuzalib, maktabga qaytishi mumkinligini bildirishgan. Ushbu holat bo`yicha o`z xizmat vazifasiga mas`uliyatsizlik bilan yondashganligi uchun muassasa tarbiyachisi Sh.T. va tungi enaga O.T.lar maktab direktorining 2020 yil 25 yanvardagi  №-9, №10-sonli buyruqlari asosida vazifasidan ozod etilgan.

Xodimlarga nisbatan etarlicha e`tiborda bo`lmaganligi sababli muassasaning ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha direktor o`rinbosari Z.F., bosh tarbiyachi H.A. va tungi enaga G.T.larga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 181-moddasi 1-bandiga asosan “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo`llanilgan.

Bolaning onasi bilan o`tkazilgan suhbatda S.I. 5 yildan buyon ushbu maktabda o`qiyotganligini, ushbu holat tasodifan bo`lganligini, maktab rahbariyati va o`qituvchilariga hech qanday e`tirozi yo`qligini aytgan.

    Boshqa yangiliklar