AsosiyJamiyat

Tatyana Karimova xotiralari: Islom Karimov qanday zaharlangandi?

'Tatyana Karimova xotiralari: Islom Karimov qanday zaharlangandi?'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich oddiy inson sifatida qanday odam bo`lgan? Uning shaxsiyati, hayotiy prinsiplari nimalarda namoyon bo`lardi? Bu haqda Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Akbarovna Karimova o`z intervyusida to`xtalib o`tgan. Tatyana Akbarovna turmush o`rtog`i haqida gapirarkan, eng avvalo uning kamtarona hayotini urg`ulaydi. U davlat rahbari bo`lgunga qadar ham yuqori lavozimlarda faoliyat yuritgan bo`lsa ham turmush tarzi oddiy, boshqalarnikidan farq qilmagan. 

“To`ydan keyin Toshkentdagi ikki xonali kvartirada juda oddiy hayot kechira boshladik. Bu kvartirani Islom Abdug`anievich Davlat plan komiteti raisining yordamchisi bo`lgan kezlarda olganlar. Tinch-totuv yashaganmiz, maoshimiz uncha katta bo`lmagani bois ta`mir ishlarini o`zimiz qilganmiz. Bo`yoq olib kelib, o`zimiz xona oqlaganmiz, eshik bo`yaganmiz, polni loklaganmiz, balkon derazasiga oyna solganmiz. Hech qachon ta`mir ishidan qochmaganmiz. Odatda, Islom Abdug`anievich uydagi ta`mir yumushlarini o`zlari qilardilar. Barcha ishlari baroridan kelar edi. Sirasini aytganda, u kishi barini o`z qo`llari bilan qilishni yaxshi ko`rardilar. Kerak paytda qidirib qolmasdik,turli asboblar solingan butun boshli jomadonim bo`lardi. Parma, bo`yoq cho`tkasi, qisqich, ombur, buragich, bolg`a va boshqa birtalay asboblar zarur paytda asqotardi.

Bir gal Islom Abdug`anievich pol bo`yayotib lok hididan qattiq zaharlandilar. Kuchli astma xuruji boshlandi, lekin “tez yordam” chaqirishga izn bermadilar. Tuni bilan sut ichirdim. O`sha voqeadan keyin bo`yoq hidini xushlamaydigan bo`lib qoldilar.

Islom Abdug`anievich shanba va yakshanba kunlari odatda soat 4 ga qadar ishlardilar, keyin zarur bo`lsa birgalikda oqlash va bo`yash yumushlarini qilardik.

Islom Abdug`anievich qanday lavozimda ishlamasinlar, hech qachon xizmat vazifasidan foydalanmaganlari, vakolatlarini suiiste`mol qilmaganlariga guvohman. U kishidan pastroq darajadagi mansabdorlar ham boshqacha yashar va shu bois gohida umr yo`ldoshimning ustlaridan kulishar edi. Ammo bu – Islom Abdug`anievichning qat`iy pozisiyasi edi.

Hatto davlat bog`-hovlisida yashaganimizda ham avvalgidek aksar ishlarni o`zlari qilishni afzal bilardilar. Masalan, kechqurun ishdan keyin devorga kartina osish yoki mebel o`rnini o`zgartirish fikri tug`ilib qolardi. Garchi men e`tiroz bildirib, bu ishni ertasi kuni xizmatchilar bilan qilishlarini so`rasam-da, Islom Abdug`anievich kutib o`tirmay o`zlari ishga kirishib ketardilar”, deb xotirlaydi Tatyana Akbarovna Karimova. 

    Boshqa yangiliklar