AsosiyJamiyat

Vazifasini bajarmaydigan amaldorlar endi kechirilmaydi!

'Vazifasini bajarmaydigan amaldorlar endi kechirilmaydi!'ning rasmi

Bugun mamlakatimiz fuqaro aviasiyasi, temir yo`llar yo`nalishlarida ishni tashkil etish holati hamon eskicha uslubda qolib ketmoqda. Avtombil yo`llari holati ham talab darajasida emas. Bu esa aholining haqli e`tirozlariga sabab bo`layotir. Qolaversa, respublikaning tranzit va yuk tashish salohiyatidan samarali foydalanilmayotgani ham achinarli holat. 28 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida transport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi tahlillariga bag`ishlangan yig`ilishda sohadagi bir qator shu va shu kabi kamchiliklar qayd etilgan edi.

Vazirlar Mahkamasining kuni kecha qabul qilingan “Ayrim rahbarlarning shaxsiy mas`uliyatini ko`rib chiqish to`g`risida”gi qaroriga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi transport vazirligi tarkibidagi tuzilmalar rahbarlariga yo`l qo`ygan ana shunday kamchiliklari uchun tegishli choralar ko`riladigan bo`ldi.

Jumladan,

- transport vazirining birinchi o`rinbosari Ilhom Mahkamov, vazir o`rinbosari Davron Dehqonov;

- vazir o`rinbosari — Avtomobil yo`llari qo`mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliev;

- vazirlik huzuridagi Fuqaro aviasiyasi agentligining direktori Tolib Uljaev;

- vazirlik huzuridagi Temir yo`llarda yuk va yo`lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig`i Doniyor Ahmedov;

- vazirlik huzuridagi Yo`l qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig`i Faxriddin Solihov egallab turgan lavozimlaridan ozod etilib, ushbu vazifalarni vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Bulardan tashqari, “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Husnutdin Hosilovga nisbatan ham xuddi shunday chora qo`llanildi.

“Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvchisi vazifasini bajarib kelayotgan Baxtiyor Hakimovning esa egallab turgan lavozimiga loyiqligi masalasi ko`rib chiqiladigan bo`ldi.

Albatta, zamon bugun har bir rahbardan yangicha, islohotlar shiddatiga mos ishlashni talab qilmoqda. Zimmasidagi vazifalarni bajarmaydigan amaldorlar endi kechirilmaydi!
 

    Boshqa yangiliklar