Aytishlaricha, Toshkentga Xitoydan kelayotgan yurtdoshlarimizdan biri koronovirusga gumonlanuvchi sifatida qayd etilgan. Zudlik bilan labaratoriya tekshiruviga olingan. Tekshiruv natijalariga ko`ra yurtdoshimiz boshqa kasallik bilan bemor bo`lgan ekan.
Koronavirus hamda o`tkir respirator infeksiyalar bo`yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida Sog`liqni saqlash vazirligi quyidagilarni ma`lum qildi.
Ayni paytda koronavirus infeksiyasi jiddiy fazaga ko`tarildi. Undan vafot etganlar shu yilning 27 yanvar holatiga ko`ra, 80 nafarni tashkil etgan bo`lsa, so`nggi ma`lumotlarda aytilishicha, ayni paytda vafot etganlar soni 170 nafardan oshgan. Dunyo bo`yicha kasallanganlar soni esa 8 mingga yaqinlashmoqda. Bugungi kunda ushbu kasallik 16 ta davlatda tarqalgani qayd etilmoqda.
Avval xabar berganimizdek, mamlakatimiz hududiga koronavirus kirib kelishining oldini olish maqsadida kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, tatbiq etilgan. Jumladan, Davlat chegara postlaridan o`tayotgan fukoralarni tibbiy nazorat ko`rigidan o`tkazishga alohida e`tibor qaratilgan. Shu maqsadda respublikamizda Davlat chegaralarining kesishish joylarida 52 ta sanitariya-karantin punktlari faoliyat ko`rsatib kelmoqda.
Yurtimiz hududiga ushbu infeksiyaning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida Davlat chegara postlaridan o`tayotgan fukoralar tibbiy nazorat ko`rigidan o`tkazilmoqda, shuningdek, teplovizor yordamida yo`lovchilarning tana harorati masofadan turib o`lchanmoqda va umumiy holati tekshirilmoqda. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun nafaqat sanitariya nazorat punktlari tibbiyot xodimlari, balki shifokor infeksionistlar ham jalb etilgan.
So`nggi o`n kuni ichida ana shunday tekshiruvlar natijasida Xitoydan kelgan fuqarolarning 59 nafaridan virusologik tekshiruv o`tkazish uchun namunalar olingan. 19 nafar shaxs esa Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida tashkil etilgan bo`limga murojaat etgan va tibbiy nazoratdan o`tkazilgan. Shu o`rinda aytish kerakki, ayni paytga qadar ularning birontasida ham koronavirus infeksiyasi umuman aniqlanmagan. Bundan tashqari, Xitoydan kelgan fukoralar yashash manzili bo`yicha oilaviy poliklinikalar tibbiyot xodimlari va epidemiologlar tomonidan 14 kun davomida nazoratga olinmoqda.
Bundan tashqari, Sanitariya-epedimiologik osoyishtalik agentligi tomonidan gripp va boshqa o`tkir respirator infeksiyalar bo`yicha ham monitoring olib borilmoqda. Natijalarga ko`ra, gripp va boshqa o`tkir respirator infeksiyalar bo`yicha o`tgan yilga nisbatan birmuncha mavsumiy ko`tarilish kuzatilgan bo`lsa-da, ushbu kasalliklar bo`yicha o`lim holatlari qayd etilmadi.
Koronavirus hamda o`tkir respirator infeksiyalar bo`yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar izchil davom etmoqda.






