2020 yil 27 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Buxoro viloyati. 5 yil ichida adolat izlab sarson bo`lgan Zarif otaxon!!!” deb izohlangan 9 daqiqa 15 soniyali video yuzasidan Buxoro viloyati IIB Axborot xizmatima`lumot berdi.
2018 yil 22 oktyabr kuni Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Buxoro viloyati Buxoro shahar bo`limi tomonidan fuqarolar Z.Axmedov va boshqalarning arizalari asosida to`plangan hujjatlar bo`yicha “Loyihasuvqurilish” MChJ rahbari Haitov Habib Jumaqulovich va boshqalarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Jinoyat ishi dastlab Buxoro shahar IIO FMB 4-son IIB huzuridagi Tergov guruhi ish yurituviga olinib, tergov bo`yicha ish hajmini inobatga olgan holda 2018 yil 12 noyabr kuni viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasining “Jinoyat ishini tergovchilar guruhiga topshirish” to`g`risidagi qaroriga asosan jinoyat ishi katta tergovchi O.B.Bozorov rahbarligidagi tajribali tergovchilar guruhiga topshirilgan.
2018 yilning 26 dekabr kuni H.J.Xaitovga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 2-qismi “a” bandi hamda 168-moddasi 3-qismi “a” bandi (eski tahrirdagi) bilan, X.U.Suvonovga esa 168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblov e`lon qilinib, “Garov” tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
2018 yil 27 dekabr kuni ayblanuvchilar va ularning himoyachisi tomonidan jinoyat ishi bo`yicha ayblanuvchilarning harakatlariga qayta baho berish to`g`risida tergov organiga iltimosnoma kiritilgan.
Qayta o`rganish davomida jinoyat ishi bo`yicha to`plangan dalillar va ish holatlariga ko`ra H.Haitov va X.Suvonovlarning harakatlarida O`zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasida ko`rsatilgan firibgarlik jinoyati tarkibi mavjud bo`lmaganligi sababli ularga e`lon qilingan ayblov tugatilgan. Qo`llangan ehtiyot chorasi bekor qilinib, jinoyat ishini tugatish to`g`risida qaror qabul qilingan.
Mazkur qaror va jinoyat ishi 2019 yil 4 yanvar kuni Buxoro viloyat prokuraturasi tomonidan o`rganilib, katta tergovchi O.B.Bozorovning jinoyat ishini tugatish to`g`risidagi qarori bekor qilingan. Jinoyat ishi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan holda tergov harakatlarini davom ettirish uchun IIV huzuridagi Tergov departamentiga yuborilgan.
Tergov departamenti katta tergovchisi O.H.Hayitov tomonidan 2019 yil 4 may kuni H.Xaitovga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 1-qismi va 3-qismi “a” bandi bilan, X.Suvonovga nisbatan 168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblov e`lon qilinib, “munosib xulq-atvorda bo`lish haqida tilxat” ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
O`tkazilgan qo`shimcha tergov harakatlari davomida jinoyat ishi bo`yicha H.Haitov va X.Suvonovlarning harakatlarida biror-bir jinoyat tarkibi mavjud bo`lmaganligi sababli 2019 yil 16 may kuni jinoyat ishi yuzasidan ularga e`lon qilingan ayblov tugatilib, qo`llangan ehtiyot chorasi bekor qilingan, jinoyat ishi O`zbekiston Respublikasi Jinoyat prosessual Kodeksining 83-moddasiga asosan harakatdan tugatilgan.
Fuqaro Z.Axmedovga u tomonidan savdo do`koni sotib olish uchun “Loyihasuvqurilish” MChJ bilan imzolangan 1-son pudrat shartnomasiga asosan topshirilgan 25 million so`m pullarni Buxoro viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasining maxsus hisob raqamidan olishi mumkinligi tushuntirilib, tergov natijasi bo`yicha bildirish xati yuborilgan.
Hozirda IIV huzuridagi Tergov departamenti katta tergovchisi O.H.Hayitov tomonidan qabul qilingan qaror bekor qilinmagan va o`z kuchida turibdi.






